Koronavirus pandemiyasi davrida Rossiya milliarderlarining umumiy boyligi 62 milliard AQSh dollariga o‘sgan. Bu haqda Forbes xabar qilgan.

Foto: Getty Images

Jurnal o‘z onlayn hisoblagichidagi hozirgi ko‘rsatkichlarni 18-martdagi raqamlar bilan solishtirgan (ushbu sana Forbes’ning 2020-yil uchun reytingidagi biznesmenlar boyligining oxirgi holatini hisob-kitob qilish uchun tanlangan). Ikki oydan bir oz kam davr oralig‘ida Rossiya milliarderlarining umumiy boyligi 392 milliarddan 454 milliard dollargacha o‘sgan.

Besh nafar eng boy rossiyalik milliarderlarning daromadi 22,6 milliard dollardan 109,5 milliardgacha ko‘paygan. Forbes bergan ma’lumotlarga ko‘ra “Nornikel” egasi Vladimir Potanin boshqalarga qiyoslaganda ko‘proq daromad topgan. Pandemiya davrida uning daromadlari 19,7 milliarddan 26,1 milliardgacha ko‘paygan (6,4 milliard dollar qo‘shilmoqda). 2020-yilda biznesmen Forbes’ning rossiyalik milliarderlar reytingida birinchi o‘rinni egallagandi.

Pandemiya davrida boyish reytingining ikkinchi o‘rnini “Novatek” boshqaruvi rahbari Leonid Mixelson band etgan. O‘tgan oraliqda u 5,4 milliard dollarga boyigan (boyligi 17,1 milliarddan 22,5 milliard dollarga yetgan). NLMK egalaridan biri Vladimir Lisinning boyligi esa 21 milliard dollarga yetdi (mart oyida uning kapitali 18,1 milliard dollar edi). “Severstal” prezidenti Aleksey Mordashov va “Lukoyl” egasi Vagit Alekperov pandemiya davrida mos ravishda 2,3 milliard (19,1 milliard dollarga yetdi) hamda 5,6 milliard dollarga (20,8 milliard dollar) boyigan.

“Lukoyl” egasi Vagit Alekperov

Foto: “RIA Novosti”

9-martda jahon bozorida neft narxining keskin tushib ketishi oqibatida milliarderlarining ko‘rgan zarari miqdori 8,8 milliard dollarni tashkil qildi. Bloomberg yil oxiriga borib 24 nafar rossiyalik eng boy biznesmenlarning boyligi 13,91 milliard dollarga kamayishi prognoz qilinayotgani haqida yozgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, bunda eng ko‘p zarar ko‘radigan boylardan biri Alekperov bo‘ladi (Forbes uning 2,1 milliard dollar zarar ko‘rganini yozgan, Bloomberg esa ziyonni 3,54 milliard dollar deya hisoblamoqda).