IIV nashrlari bo‘lgan “Postda” va “Na postu” gazetalari 12-may kuni o‘zining 90 yilligini nishonladi.
Ushbu gazetalar 1930-yil 12-maydan chiqa boshlagan. Gazetalar dastlab faqat ichki ishlar organlari xodimlariga mo‘ljallangan bo‘lib, unda respublika ichki ishlar organlari faoliyatiga oid materiallar berib borilgan. O‘sha davrda bir oyda uch marta, 150 nusxada chop etilgan bo‘lsa, 50-yillarga kelib, gazetalar tiraji 6 mingga yetdi. Tahririyat xodimlarining sa’y-harakati bilan 1960-yildan e’tiboran haftasiga ikki marta 10 ming nusxada chiqa boshlagan.
1965-yil 1-avgustdan boshlab nashrlarning keng jamoatchilikka mo‘ljallangan yakshanba sonlarini chop etish yo‘lga qo‘yilgan. Mushtariylarning talab-ehtiyojlaridan kelib chiqib esa 1970-yildan gazetalar haftada uch marta bosila boshlangan.
XX asrning 90-yillari boshida Ichki ishlar vazirligi rahbariyati tashabbusi bilan 1990-yilda “Postda” va “Na postu” gazetalarini qayta tiklashga qaror qilindi. 1991-yil 1-yanvarda ikki tilda alohida chop etilgan nashrlarning ilk soni ichki ishlar organlari xodimlari va keng jamoatchilikka yetib borgan.
Dastlab to‘rt sahifadan iborat bo‘lgan gazetalar haftada uch marta chiqarilgan. Tahririyat moddiy bazasi mustahkamlangach, sahifalar soni sakkiztaga, keyinchalik esa 16 taga yetkazilgan.
1998-yilning mart oyiga kelib esa O‘zbekiston Ichki ishlar vazirining tegishli buyrug‘i bilan “Postda” va “Na postu” gazetalari tahririyati bazasida IIV birlashgan tahririyati tashkil etildi.
Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po‘lat Bobojonov respublika matbuotining otaxon nashrlaridan biri bo‘lgan ushbu nashrlarning to‘qson yilligi bilan tahririyat jamoasini tabriklab, “Birlashgan tahririyat jamoasi bir qadam oldinda yurishi, mamlakatimizda va jahonda ro‘y berayotgan eng dolzarb voqealarni zamonaviy ijodiy uslub va ilg‘or yondashuvlar orqali o‘z mushtariylariga tezkor va xolis tarzda yetkaza olishi, xodimlarimizning chinakam ma’naviy-ma’rifiy hamrohiga aylanishi zarur”, — deb ta’kidladi.
Izoh (0)