Janubiy Koreyada so‘nggi sutkada koronavirusga chalinganlar soni 34 kishiga oshdi. Bu 12-apreldan buyon qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkichdir, deb yozmoqda “Interfaks” mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligiga tayanib. Unda 32 kishi mazkur infeksiyani yuqtirib olgani e’lon qilingan, shundan so‘ng ularning soni asta-sekin kamaya boshlagan edi. 30-aprel kuni esa Janubiy Koreyada COVID-19 bilan kasallanish bo‘yicha birorta ham holat qayd etilmagandi.

Foto: Reuters

Yangi kasallanish holatlarining bachasi bir yigit bilan bog‘lanmoqda. U koronavirusga chalingani gumon qilinganiga qaramay 2-mayga o‘tar kechasi Itevon shahridagi 5 ta tungi klubga borib, ko‘p odamlar bilan muloqotda bo‘lgan.

Infeksiya tarqalib ketishining oldini olish maqsadida hukumat shu vaqt oralig‘ida tungi klubda bo‘lgan 1,5 mingga yaqin odamlarni topib, ularni tekshirishni buyurgan.

Umumiy hisobda Janubiy Koreyada koronavirusga chalinganlar soni 10 874 kishiga yetdi. Bemorlarning 9 610 nafari sog‘aygan, 256 nafari vafot etgan.

Eslatib o‘tamiz, Janubiy Koreya 6-maydan boshlab faqat ehtiyotkorlik va profilaktika choralariga rioya qilishni ko‘zda tutuvchi “kundalik hayotdagi karantin” rejimiga o‘tdi. Maktab va jamoat muassasalari kichik tuzatishlar bilan odatiy faoliyatiga qaytmoqda. Ammo fuqarolar virus yuqishining oldini olish uchun masofa saqlash, qo‘llarni dezinfeksiyalash, niqob taqish kabi asosiy profilaktik choralarga rioya etishi lozim.