O‘zbek kino san’atida ham ijtimoiy realizm janri old qatorlarda bo‘lgan davrlar kechgan. Filmlarda o‘tkir ijtimoiy muammolar, inson hayotining ulug‘vorligi yoritilgan. “Daryo” ana shunday davr asoschilaridan biri, o‘zbek kino san’atining yorqin namoyandasi Komil Yormatov haqidagi xotiralarni yodga oladi.
Bolaligimizda ajoyib filmlar boshlanayotganda “Komil Yormatov nomidagi ‘O‘zbekfilm’ kinostudiyasida dublyaj qilingan” degan jumlani eshitishimiz bilan hozir juda zo‘r film ko‘raman deb o‘tirar edik. Ushbu ism va jumla sifatli filmning yoki ajoyib dublyajning garovi edi go‘yo. Xo‘sh, o‘shanda Komil Yormatov aslida kimligiga qiziqib ko‘rganmizmi? Menimcha yo‘q, bugun ushbu buyuk rejissor hayoti bilan tanishamiz.
Komil Yormatov 1903-yil 2-mayda Konibodomda (hozirgi Tojikistonning So‘g‘d viloyatida) tojik oilasida dunyoga keldi. Avval milliy, keyin esa yangi ochilgan rus-tuzem maktablarida o‘qidi. 1918—1924-yillarda Konibodom tuman hokimiyatida kotib, Qizil Armiya safida, otliq polk eskadroni qo‘mondoni Hamdam hoji Qalandarov boshchiligidagi partizan otryadining jangchisi bo‘lgan.
Mashhur kinoshunos Mastura Is’hoqova Komil Yormatovning bolaligi haqida shunday deydi:
“Komilning bolaligi juda beg‘ubor o‘tdi. Otasi Yormuhammad mingboshi 1918-yilgacha podsho armiyasining polkovnigi, yigirma besh yil Konibodomda okrug rahbari bo‘lib ishladi. Mahalliy aholi uni juda hurmat qilardi, chunki u adolatli va bilimli odam edi. O‘sha yillarda u vatandoshlari orasida birinchilardan bo‘lib, ta’lim masalasiga jasorat bilan yondashdi — ikki o‘g‘lini yangi ochilgan rus-tuzem maktabiga topshirdi.
Yormuhammadning katta kutubxonasi bor edi, o‘zi uch tilda — rus, fors va o‘zbek tillarida gaplasha oladigan ziyoli inson edi. 1925-yilda Yormuhammad jiddiy kasal bo‘lib qoldi. U sanoqli kunlari qolayotganini tushunardi. Bir kuni kechqurun ota o‘z o‘g‘lini to‘shagiga chaqirib, ohista dedi: ‘O‘g‘lim, menda senga meros qilib qoldiradigan hech narsa yo‘q. Men hayotim davomida boylik to‘plash ilinjida yashamadim, ammo men senga yaxshi nomimni qoldiraman. Eng muhimi, kim bo‘lishingdan qat’i nazar, qayerda bo‘lsang ham o‘z xalqingga sidqidildan xizmat qilgin...’ 20 yoshli Komil otasining so‘nggi vasiyatiga butun umr amal qilib yashadi”.
1923-yilning kuzida Konibodomga Hamza Hakimzoda Niyoziy boshchiligidagi teatr truppasi tashrif buyuradi, Komil Hamza bilan uchrashadi va u bilan bo‘lgan qiziq suhbatlar asnosida teatr sohasiga qiziqib qoladi. 1924—1926-yillarda u Moskva texnologiya institutida va shu bilan birga Moskvadagi B.V. Chaykovskiy nomidagi kino aktyorlari uchun o‘quv kurslarida tahsil oldi. 1930-yildan Moskvadagi davlat kinematografiya instituti (hozirgi VGIK)da o‘qidi.
1931-yildan “Tojikkino” kinostudiyasining birinchi toifali rejissori bo‘lib faoliyatini boshlagan Komil Yormatov o‘zining ilk ishi bo‘lgan “Uzoq chegarada” nomli filmini suratga oldi. Komil Yormatov o‘zbek, nemis, rus, fors va ozarbayjon tillarida bemalol gaplashar edi.
1941-yildan Toshkent kinostudiyasi (hozirgi “O‘zbekfilm”)ning yuqori toifali rejissori va badiiy rahbari etib tayinlandi. Ushbu faoliyati davomida Komil Yormatov “Uyqusiz yo‘llar”, “Alisher Navoiy”, “Ibn Sino”, “Opa-singil Rahmonovalar”, “Osiyo uzra bo‘ron”, “Inqilob chavandozlari” kabi sahnalashtirilgan filmlarni suratga olib, o‘zbek milliy kinosining rivojlanishida muhim hissa qo‘shdi.
U 1977-yil “Xalqlar do‘stligi” jurnalining 11 va 12-sonlarida nashr etilgan “Vaqt tasmasi” memuarlarining muallifi, shuningdek, tojik va o‘zbek kino tarixi haqidagi “Qaytish” deb nomlangan kitobning ham muallifidir. Komil Yormatov 1978-yil 17-noyabrda Toshkentda vafot etdi. Chig‘atoy qabristoniga dafn qilindi.
San’atshunos Jo‘ra Teshaboyev u haqida shunday deydi:
“U badiiy ijodda kashfiyotchi edi. O‘zbek kinosiga birinchilardan bo‘lib kelib, uning poydevorini qo‘ydi, so‘ngra milliy ekranga shon-sharaf va obro‘-e’tibor keltirgan asarlar yaratdi”.
Komil Yormatovning “Alisher Navoiy” kartinasi kinochilar tomonidan chinakam mahorat sifatida baholandi. Uning bu asaridan keyin o‘zbek milliy kinoijodkorligida yangi davr boshlandi. Oradan ko‘p yillar o‘tgan bo‘lsa-da, o‘zbek kinosida “Alisher Navoiy” filmi bilan uslub sofligi, rejissorlik, ijrochilik va vizual madaniyat darajasida raqobatlasha oladigan filmni topish qiyin.
Komil Yormatovning o‘zi kino olamiga ilk qadam qo‘ygan kezlarida san’at haqida shunday degan edi:
“Bu yosh san’atda meni ulkan imkoniyatlar va istiqbollar hayratga soldi. U savodsiz mamlakatdagi madaniy jarayonlarda inqilob qilish uchun maxsus mo‘ljallanganday edi go‘yo. Shuning uchun men o‘zimni ushbu san’atga xizmat qilishga bag‘ishlashga qaror qildim”.
Haqiqiy ijodkorning iste’dodi ma’naviy madaniyatining barcha boyliklarini o‘zlashtirgan holda shakllanadi. Yosh aktyor va rejissor Komil Yormatov kinematografiya kasbining asoslarini sinchkovlik bilan o‘rganganidan ko‘p yillar o‘tdi, o‘z asarining Vatan hayoti va uning tarixiy taqdiri bilan rang-barang bog‘liqligini anglab yetdi. U yana bir yirik rejissor Nabi G‘aniyev bilan birgalikda o‘zbek kinosining estetik asosini yaratdi. Bunda insonning ichki dunyosiga qiziqish, epik mavzular, katta hissiy va ijtimoiy intensivlik alohida ta’kidlangan.
Kim ham o‘ylabdi deysiz, shunday buyuk rejissorlar yetishib chiqqan va faoliyat ko‘rsatgan yurtda bugungi kunga kelib kino san’ati juda katta degradatsiyani boshidan kechirishini. Albatta, o‘sha davrlarda kino sanoatida ijtimoiy realizm janri old qatorlarda bo‘lgan. Filmda o‘tkir ijtimoiy muammolar, inson hayotining ulug‘vorligi yoritilgan. Bugungi ayrim bachkana “qand-qog‘oz” filmlarni ko‘rib, yana ilojsizlikdan o‘tmishdagi buyuklarni eslaysan kishi. Beg‘ubor bolalik davrlaring va qora ekranda chizilib ketgan kadrlarda “Komil Yormatov nomidagi ‘O‘zbekfilm’ kinostudiyasi namoyish etadi” deyishlarini sog‘inasan...
Nurbek Alimov tayyorladi.
Izoh (0)