“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida O‘zbekiston ilg‘or texnologiyalar innovatsion universitetini tashkil etish haqida petitsiya joylashtirildi.
Qayd etilishicha, bugungi kunda raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt, biotexnologiya, ilg‘or texnik ishlanmalar va materiallar insoniyat kelajagi ekanligi hammaga ma’lum. Lekin bunday texnologiyalar sanoqli davlatlardagina ishlab chiqariladi. O‘zbekiston esa texnik tuzilmalarni, asosan, import qiladi. Buning uchun milliardlab dollar mablag‘ sarflanadi.
“Birgina tibbiyot sohasini olsak, oddiy gemoglobin miqdorini aniqlash uchun ishlatiladigan apparatlar minglab dollar turadi. Agar bularni o‘zimiz ishlab chiqarsak va eksport qilsak, budjetga katta foyda qilamiz. O‘n minglab ishchi o‘rinlari yaratiladi”, — deb yozgan murojaat muallifi.
Shularni hisobga olib, O‘zbekiston ilg‘or texnologiyalar innovatsion universitetini tashkil etish, unda sun’iy ong, maishiy texnologiya, avtotexnologiya, tibbiy texnologiya, harbiy texnologiya, biotexnologiya, materiallar texnologiyasi va ularga dasturiy ta’minot ishlab chiquvchi fakultetlarini ochish hamda ularga xorijdagi yetuk olimlarini jalb qilish taklif qilingan.
Avvalroq Samarqand davlat tibbiyot universiteti tashkil etilishi, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti negizida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti tashkil etilishi haqida xabar berilgan edi.
Izoh (0)