London Oliy sudi Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevning qarindoshlariga tegishli mol-mulklarni xatlash to‘g‘risidagi orderni noqonuniy deb topdi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Foto: BBC

Nursulton Nazarboyevning qizi — Qozog‘iston Senati spikeri Darig‘a Nazarboyeva, shuningdek, uning to‘ng‘ich o‘g‘li Nurali Aliyev hamda turmush o‘rtog‘i Aidaga tegishli uchta koshonani xatlash to‘g‘risidagi order Jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha milliy agentlik tomonidan “Kelib chiqishi noma’lum daromadlar to‘g‘risida”gi qonun asosida berilgan. Ushbu qonunga ko‘ra, uy egalari Britaniya hukumatiga o‘zlarining daromad manbalari qayerdan kelganligini tushuntirib berishi lozim. Agar ular bu ishni qilmasa, mulklar musodara qilinib, auksion orqali sotib yuboriladi.

Nazarboyevning qarindoshlariga bog‘liq vaziyatda qiymati 100 million dollarga teng Londondagi uchta koshona haqida gap ketgan. Jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha milliy agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, ko‘chmas mulklar Darig‘a Nazarboyevaning sobiq turmush o‘rtog‘i Rohat Aliyevning jinoiy yo‘llar bilan topilgan daromadlari evaziga xarid qilingan.

Biroq Oliy Sud Jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha milliy agentlikda Rohat Aliyevning ushbu ko‘chmas mulklarni sotib olishga aloqador ekanligini isbotlovchi dalillar yo‘q deb topdi.

O‘zlarining mutloq aybsizligini ta’kidlayotgan Nazarboyevning qizi va nabirasi sud qaroridan qoniqishlarini bildirdi. Jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha milliy agentlik apellyatsiya berishga tayyorlanmoqda.