Sadio Mane 1992-yil 10-aprel sanasida Senegal poytaxti Dakar shahridan 288 kilometr uzoqlikdagi Sediuda tavallud topgan. Ammo bo‘lajak yulduz yoshligida oilasi bilan Bambali nomli kichik qishloqqa ko‘chib boradi. Ular kichkinagina uyda 9 kishi istiqomat qiladi. Sadioning otasi masjid imomi edi.

Oila har doim pulga muhtoj bo‘lgan. Shu boisdan oila boshlari farzandlarining ta’lim olib, ishli bo‘lishini xohlardi. Sadio esa yoshligidan futbolga qiziqar, mahalliy bolalar bilan ko‘cha changitib koptok tepardi. Vaqt o‘tishi bilan televizor orqali dunyo yulduzlari ishtirokidagi o‘yinlarni ko‘rib, bolakayning niyati yanada jiddiylashdi. Hal qiluvchi holat esa 2002-yil yuz berdi. O‘sha yili Senegal terma jamoasi Jahon Chempionatida chorak finalga qadar yetib bordi. Mane esa futbolchi bo‘lishga qaror qildi.

Hozir Sadioning futbol akademiyasidan qaysi klubga va u yerdan qayerga o‘tgani, qanday sovrinlarga ega chiqqani haqida uzundan uzun hikoya qilish niyatida emasmiz. Aksincha futbolchining o‘z tilidan (dilidan) chiqqan gaplarni e’tiboringizga havola qilamiz.

Foto: Bleacher Report

16 yoshida uyidan qochgani haqida

“Bir tiyinim bo‘lmasa ham ketish uchun barcha narsalarni tayyorlab qo‘ygandim. Quyosh botishi bilan uyimiz oldidagi baland maysalar orasiga narsalarim solingan sumkani yashirib qo‘ydim. Erta tong 06:00 larda uyqudan turib, tishlarimni tozalagan holda yaqinlarimni ogohlantirmasdan uydan chiqib ketdim. Ketishim haqida faqat eng yaqin do‘stimga aytdim. Anchagina yo‘l bosib, biroz bo‘lsa-da pul qarz olish uchun uning uyiga bordim. Shundan so‘ng avtobusga o‘tirib, Dakar tomon yo‘lga chiqdim.

U yerda meni birinchi bor ko‘rib turgan yangi oilam kutib turardi. Darhol taniqli jamoa mashg‘ulotlarida ishtirok etdim. Bu vaqtda esa ota-onam meni har yerdan izlayotgandi. Ular qayerda ekanligim haqida do‘stim hammadan ham yaxshiroq bilishini tushunardi. Ammo do‘stim so‘zida turib, hech kimga lom-lim demagan. Shundan so‘ng uyimdagilarning bosimi sabab, u ham meni “sotish”ga majbur bo‘ladi.

Ota-onam qo‘ng‘iroq qilib, ortga qaytishimni talab qildi. Lekin men bunday qilishni xohlamasdim, chunki ortga qaytish sharmandalik bilan teng edi. Biroq bir shart bilan ularning talabiga rozilik berdim. Ota-onam o‘quv yili yakunlangandan so‘ng o‘zimni futbolda sinab ko‘rishimga ruxsat berdi”.

Akademiya ko‘rigi haqida

Mane maktabni tamomlagandan so‘ng qishloqdagilar unga yo‘l uchun pul yig‘ib beradi. Sadio amakisi bilan Generation Foot akademiyasida ko‘rikdan o‘tish uchun Dakarga yo‘l oladi.

“U yerda o‘z imkoniyatini kutib turgan 200-300 yigit bor edi. Men uchun hammasi yomon boshlandi: o‘zimni ko‘rsatish imkoniyati berilishi bilan hamma ustimdan kula boshladi. O‘shanda futbolchiga ham o‘xshamagandim. Boisi egnimdagi libos futbol formasini eslatishi amri mahol edi-da. Butsilarimning esa momatalog‘i chiqib ketgandi. Ularni o‘zim qo‘lbola qilib ta’mirlab olgandim. Ko‘rik vaqtida hamma menga g‘alati nigoh bilan boqardi xuddiki: “Rostdan ham sen futbolchi bo‘lmoqchimisan?” deyayotgandek. Ularni tushunardim, biroq menda boshqa tanlov yo‘q edi. Biroq o‘yin borasida harakatlarim unchalik yomon chiqmadi va ular meni qabul qildi. Bu bolakay Sadio sayohatlarining boshlanishi edi”.

Onasi haqida

“Oilamdagilarning hech biri futbolni yoqtirmasdi. Har safar futbol o‘ynayotganimni ko‘rgan onam quvib solardi. Bu og‘ir edi. O‘zimni biroz bo‘lsa-da yolg‘iz his qilardim. Nima uchun orzum bilan yashashimga imkon bermayotganliklarini tushunmasdim. Bolalik vaqtlarim nimadir yomon ish qilsam, onam yoki amakimdan tarsaki yerdim. Masalan, bundan holatga maktabdagi darslarni qoldirgan vaqtimda tushganman. Ba’zan ular urishi mumkinligini hisobga olib, uyga do‘stim bilan birga kelardim. Biroq bu tarbiyamning bir qismi edi, xolos. Shu boisdan ham soyada qolib ketmaganman. Doim e’tiborda bo‘lganman. Har kuni buning uchun onamga minnatdorchilik bildiraman”.

Boylikning ta’siri haqida

Mane qo‘lida oynasi darz ketgan telefoni bilan.

Foto: Latestly

“Pullar, OAV xabarlari — bularning hech biri menga ta’sir ko‘rsatmaydi. Albatta, men ham bu muhitning bir qismiman. Biroq bularning barchasiga ehtiyotkor ravishda yondashaman. Ijtimoiy tarmoqladan o‘zimni uzoq tutishga harakat qilaman. O‘zlikni yo‘qotmaslik uchun tez-tez qishlog‘imga borib turaman. Men yulduz emas, balki futbolchi bo‘lishni chin dildan istagan ehtiyotkor insonman. Ishoning, aldamayapman. Hammani birdek yaxshi ko‘raman, shu bilan birga atrofda bo‘layotgan voqealarga ko‘p e’tibor qaratmayman.

10 ta Ferrari, brilliantli 20 ta soat va 2 ta samolyotni nima qilaman? Bulardan ko‘ra odamlarga yordam berganim afzal. Dalada ishlaganman, och qolganman, yalangoyoq o‘ynaganman, maktabga bormaganman va og‘ir damlarni boshimdan o‘tkazganman. Bugun esa futbol o‘ynab, odamlarga yordam berishga harakat qilyapman.

Maktab, stadion qurdim, qashshoqlarga kiyim, poyabzal, ovqat olib berdim. Bundan tashqari, Senegalning kambag‘al qismida yashovchilarga yordam tariqasida oyiga 70 yevrodan tarqatyapman.

Ehtimol men Play Station o‘ynashni bilmaydigan yagona professional futbolchi bo‘lsam kerak. Terma jamoa va klubda ko‘p vaqtini kompyuter o‘yinlariga sarflaydigan jamoadoshlarim bor. Biroq men buni hech qachon o‘ynamaganman va bu hech qachon kaminani qiziqtirmagan. Hatto joystiklarni qanday boshqarishni ham bilmayman. Uno (qarta o‘yini) o‘ynashni afzal ko‘raman”.

Eng katta orzusi — Afrika Kubogi 

Foto: Bleacher Report

“Qandaydir buyuk natijaga erishish o‘zimizga bog‘liq. Albatta, biz favoritlar qatoridamiz, buni yashirishdan foyda yo‘q. Ammo oxirigacha borish uchun favorit maqomining o‘zi yetarli emas. Afrika Kubogini uni hech qachon yutmagan jamoa bilan qo‘lga kiritishni qandaydir o‘zgacha hislarni beradi. Chempionlar Ligasidagi g‘alabani Afrika Kubogiga almashtirishga tayyorman. Senegal bu sovrinni hech qachon yutmagan. Dakarga qaytishga esa o‘zgacha bo‘lardi. Bu mening eng katta orzum”.

Asror Abdunazarov tayyorladi.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!