Oxirgi tasdiqlanganlarning barchasi statsionar sharoitda karantinga olingan fuqarolar orasidan aniqlangan.
Avvalroq 5-aprel Toshkent vaqti bilan soat 10:00 holati bo‘yicha O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 32 nafarga oshib, 298 kishiga yetgani xabar berilgandi.
Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i, Respublika Bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov Virusologiya ilmiy-tekshirish institutida 85 bemorning 22 nafarida pnevmoniya belgilari kuzatilayotgani, 4 nafarining ahvoli og‘ir, 1 nafarining esa ahvoli nisbatan og‘ir deb baholanayotganini ma’lum qilgandi.
Shuningdek, Epidemiologiya-mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish instituti klinikasidagi 35 bemordan 1 nafarining ahvoli o‘rtacha og‘irlikda, 1 nafarining ahvoli esa o‘ta og‘ir deb baholanmoqda. Ahvoli og‘ir va o‘ta og‘ir deb baholangan bemorlar intensiv-terapiya muolajalariga o‘tkazilgan.
Mavzuga doir: O‘zbekistonda 100 mingdan ortiq fuqaro tibbiy kuzatuv ostida. 7 bemorning ahvoli og‘ir
Аvvalroq Umra safaridan Turkiya orqali qaytgan namanganlik ayolning koronavirusga chalingan 72 yoshli onasi 27-mart kuni tongda infarktdan vafot etgan, ikkinchi qurbon — Toshkentda istiqomat qilgan 39 yoshli shifokor. U kasalligini yashirib, o‘zini uyda davolashga uringan.
Shuningdek, Nyu-York shahrining Bruklin tumanida ikki o‘zbekistonlik — bir nafar erkak hamda bir ayol koronavirusdan vafot etgani haqida xabar berilgandi.
Jons Hopkins universitetining ma’lumotiga ko‘ra, dunyo bo‘yicha koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlar soni 1,2 million kishidan oshib ketdi.