Qarshi shahridagi Prezident borib ko‘rgan “Vatanparvarlar” bog‘ida faoliyat yurituvchi 24 nafar xodim oylik-maoshsiz qolayotgani aytilmoqda. Bu haqda “Daryo”ga shikoyat qilgan bog‘ qo‘riqchisining aytishicha, u so‘nggi marotaba 2019-yilning dekabrida maosh olgan.
“Aytishlaricha, bog‘imizning yillik smetasi tasdiqlanmagan, shu bois ham bank bizga maosh to‘lamayapti ekan”, — deydi shaxsi oshkor etilishini istamagan bog‘ qo‘riqchisi.
Xodimning aytishicha, bog‘ xodimlari so‘nggi uch oy uchun maosh olmagan.
“Rahbarimiz Tojinur Shukurovga shikoyat qildik, qayta-qayta yozdik. Hatto Mehnat vazirligigacha murojaat qildik, ammo foydasi yo‘q. Boisi, viloyat hokimi smetani tasdiqlamayotgan ekan”, — deydi murojaatchi.
Murojaatchining ma’lumot berishicha, bog‘da 6 nafar qo‘riqchi faoliyat ko‘rsatadi. Barchasi shartnoma asosida ishga qabul qilingan.
“Rahbarimiz, xo‘jalik ishlari mudiri, buxgalter va kadr, elektrik, qo‘riqchilar, 8 nafar ayol, 5 nafar erkak ishchi — hammamiz oylikdan umidvormiz. Ammo foydasi bo‘lmayapti. Endi esa karantin davrida qiynalyapmiz”, — deydi bog‘ ishchilaridan biri.
Bog‘ xodimining aytishicha, rahbar kutish lozimligini aytgan.
“Rahbarimiz ‘kutinglar’ deyishdan nariga o‘tmayapti, ‘agar xohlamasanglar, ana katta ko‘cha, ariza yozib, ishdan bo‘shab ketaveringlar’ degan”, — deydi shikoyatchi.
“Daryo” muxbiri bilan suhbatlashgan bog‘ direktori Tojinur Shukurov xodimlari 2020-yilda maoshsiz ishlayotganini tan oldi.
“Xodimlarimiz oyliksiz ishlayotgani bor gap. Sababi xodimlar oylik-maoshi hali moliyalashmagan. Bog‘imiz Mudofaa vazirligi tasarrufiga o‘tkazilishi lozim edi. Biroq qurilish ishlari chala qolgani va hujjatlashtirish ishlari bitmagani uchun bog‘ egasiz qolgan”, — deydi Tojinur Shukurov.
Tojinur Shukurovning aytishicha, holat viloyat hokimligi, viloyat moliya boshqarmasi hamda injiniring kompaniyasi rahbariyatiga ham ayon.
“Bog‘ Mudofaa vazirligi tasarrufiga olinishi belgilangan bo‘lsa-da, xodimlar moashini moliyalashtirish mahalliy budjetdan bo‘lishi belgilangan. Shu bois ham viloyatning sobiq hokimi Zafar Ro‘ziyev davrida xodimlarimizga besh-olti oy maosh to‘landi. 2020-yildan esa pul yo‘q. Viloyatning ayni kundagi rahbari Zoir Mirzayev birinchi o‘rinbosari O‘tkir Bo‘tayev hamda Qarshi shahar hokimiga ‘taklif bering’ deb topshiriq bergan. Ammo natija yo‘q”, — deydi bog‘ direktori.
Bog‘ direktorining aytishicha, viloyatning yangilangan rahbariyati bog‘ o‘zini o‘zi ta’minlashi kerak, degan fikrda.
“Bog‘imiz moliyaviy jihatdan o‘zini eplashi uchun bog‘da attraksionlar bo‘lishi kerak. Bizda faqat harbiy texnikalar bor. Qolaversa, hududimiz ham kichik. 6 gektarni tashkil etadi”, — deydi Tojinur Shukurov.
Bog‘ rahbariyatining shikoyat qilishicha, bog‘da o‘rnatilishi lozim bo‘lgan kuzatuv kameralari haligacha o‘rnatilmagan. 6 gektar maydonni qo‘riqlash uchun bir nafar qorovul shtati berilgan.
Ma’lum qilinishicha, maosh olmay ishlayotgan xodimlarning aksariyati tumanlardan qatnab ishlagan. Maoshsiz qiynalgan ishchilar 2020-yilning 20-mart kuni ham viloyat hokimligiga yozma murojaat qilgan. Lekin natija yo‘q.