Bloodhound Land Speed Record loyihasi mualliflari yer ustidagi tezlikning rekordini yangilashga qaror qilib, o‘zlarining raketomobilini virtual raqiblar bilan “kuch sinashtirdi”, deb xabar beradi “Zr.ru”.
Bloodhound LSR uchta virtual raqibga qarshi poyga o‘ynagan: oddiy avtomobil, Formula-1 bolidi va Bugatti Chiron giperkari.
Janubiy Afrika sahrolari tasvirlangan videosimulyatsiyadan ko‘rish mumkinki, Bloodhound LSR start yo‘lagida oddiy mashinaga yutqazib qo‘ygan, biroq 18 soniya o‘tishi bilan reaktiv tyaga o‘z kuchini ko‘rsatgan. Bu vaqt ichida Bugatti Chiron o‘zining maksimal tezligiga (420 km/soat) chiqib olgan.
Soatiga 450 km/soat tezlik bilan giperkardan o‘tib ketgan raketomobil bir onda Formula-1 mashinasining yonidan uchib o‘tgan. Poyga davomida Bloodhound LSR’ning tezligi 1010 km/soatga qadar yetgan — raketamobil o‘tgan yili o‘tkazilgan real sinovlarda xuddi shunday tezlikka erishgan.
Bloodhound Land Speed Record loyihasi mualliflari ikkita real poygani rejalashtirmoqda — dastlab avtomobilni soatiga 800 mil/soat (1287,48 km/soat), shundan so‘ng 1000 mil/soat (1608,34 km/soat) tezlikka chiqarish. Biroq loyiha qiyin davrlarni boshidan o‘tkazmoqda: mart oyining boshida mashinani takomillashtirish uchun mablag‘lar yetmayotgani ma’lum bo‘lgandi, koronavirus pandemiyasi sabab esa loyiha butunlay to‘xtab qoldi.