Qirg‘izistonda koronavirusdan dastlabki uch bemor sog‘aydi, deb xabar bermoqda Turmush. Ularning bari o‘zbeklar bo‘lib, 1958, 1974, 1976-yilda tug‘ilgan.

Foto: Turmush

Mamlakatning Jalolobod viloyati shifokorlari ularning 30-mart, dushanba kuni, kasalxonadan chiqarilayotganini videoga olgan. Qayd etilishicha, ularda, koronavirusga topshirilgan ikkinchi tahlillarida, virus aniqlanmagan. Fuqarolar kasalxonada 14 kun davomida davolangan, hozirda ahvoli yaxshi.

Sog‘aygan bemorlar bilan Jalolobod viloyati vakolatli vakili Nurbolot Mirzahmedov va Respublika xavfli infeksiyalar va karantin markazi direktori Sobirjon Abdukarimov uchrashgan.

Kasalxonani tark etayotgan shaxslar yuqumli kasalliklar bo‘limi va viloyat kasalxonasining barcha xodimlariga minnatdorlik bildirgan.

“Avvaliga juda qo‘rqqandik. Ammo shifokorlar xavotirga o‘rin yo‘qligini aytishdi. Fuqarolardan kasallik belgilari paydo bo‘lishi bilan shifokorlarga murojaat qilishlarini so‘raymiz”, — degan koronavirusdan sog‘aygan bemorlardan biri.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 30-mart holatiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlar soni 149 nafarga yetdi.