29-mart, yakshanba kuni, Toshkent shahrining ko‘plab bozorlari va do‘konlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga navbatlar, odamlarning omma bo‘lib mahsulotlar xarid qilgani kuzatildi, ijtimoiy tarmoqlarda bozorlar, supermarketlardagi olomonning surat hamda videolari tarqaldi. Toshkent shahar hokimligi holat yuzasidan fuqarolarga murojaat yo‘lladi.

“Aholimizga murojaat qilib, zaxirada qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari yetarli ekanligini, bozor, do‘konlar, supermarketlar bunday mahsulotlar bilan muntazam ta’minlanishini ma’lum qilamiz.

Faqat zarurat bo‘lgan holatlarda ko‘chaga chiqing, odamlar bilan oraliq masofani saqlang, sanitariya-gigiyena talablariga rioya eting va bu bilan o‘zingiz hamda yaqinlaringiz salomatligini asrang!”, — deyilgan poytaxt hokimligi matbuot xizmati tomonidan e’lon qilingan murojaatda.

Avval “Korzinka.uz” rahbari Zafar Hoshimov tarmoqqa kiruvchi supermarketlarda xarid qilish uchun kelgan yangi mijozlar xavfsiz harakatlanish uchun yetarli darajada bo‘sh maydon bo‘lganida ichkariga kiritilishi haqida ma’lum qilgandi. Kompaniya barcha tashrif buyuruvchilardan bir-birlaridan masofa saqlagan holda navbatda turishni iltimos qilgan.

O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 144 nafarga yetgan. Shuningdek, XTV 30-martdan boshlanadigan televizion darslar jadvallarini e’lon qilgani, karantin sabab “ZAGSdan o‘tish” vaqtincha to‘xtatilgani, karantin davrida avtomobillarga maxsus ruxsatnomani olish tartibi ma’lum qilingani hamda karantin vaqtida farzandlariga qarayotgan ota-onalarga yillik mehnat ta’tilini berish tartibi e’lon qilingani haqida xabarlar berilgandi.