Namanganda koronavirus infeksiyasiga chalingan birinchi bemor bilan muloqotda bo‘lgan 54 kishi shifoxona va izolyatorlarga joylashtirildi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Azizbek Abduvaliyev xabar bermoqda.

Foto: “Daryo”

Viloyat Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi bosh vrachi o‘rinbosari Davlatali Qosimovga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi tarqalgan hududlardan kelgan va ular bilan muloqotda bo‘lganligi aniqlangan 30 nafar fuqaro 24-mart, seshanba kuni, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga karantin kuzatuvi uchun yotqizilgan va virusologiya laboratoriyasida tekshirish uchun namunalar olingan.

Tahlil natijalariga ko‘ra, Namangan shahrida yashovchi bir nafar fuqarodan olingan namunalarda koronavirus infeksiyasi borligi aniqlangan.

“Olib borilgan epidemiologik surishtiruvlar jarayonida 1995-yilda tug‘ilgan ushbu fuqaro 2020-yil 12-mart kuni Istanbul—Toshkent reysi bilan O‘zbekistonga kelgani hamda 24-martgacha uy sharoitida tibbiyot xodimlari tomonidan tibbiy kuzatuvga olinganligi ma’lum bo‘ldi. Ushbu fuqaro tadbirkorlik uchun Turkiyaga borib qaytgan. Hozirgi kunda ushbu fuqaro bilan oilaviy va yaqin muloqotda bo‘lgan 11 kishi viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizildi. Shuningdek, u bilan ikkilamchi muloqotda bo‘lgan 43 nafar fuqaro maxsus jihozlangan izolyatorlarga joylashtirildi”, — deydi Davlatali Qosimov.

Mazkur 54 nafar fuqarodan virusologik tekshiruv uchun namunalar olingan, hozirda laboratoriya tahlillari davom ettirilmoqda. Turkiyadan qaytgan shaxs bilan muloqotda bo‘lganlarni aniqlash bo‘yicha epidemiologik-surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda.