Isroilda istiqomat qiluvchi erkak Dovud shahri milliy bog‘idan o‘g‘irlagan qimmatli artefaktni yana joyiga qaytardi. Koronavirus sabab qiyomat bo‘lishidan qo‘rqqan o‘g‘ri qilgan gunohlariga tavba qilib, vijdonini tozalamoqchi bo‘lgan, deb xabar beradi Times of Israel.

Foto: Times of Israel

Quddus aholisi va Rim legionerlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan janglarda foydalanilgan tosh milliy bog‘dan 15 yil oldin yo‘qolib qolgan. O‘g‘ri oradan shuncha vaqt o‘tib tosh yadroni Moshe Manisga, artefaktni milliy bog‘ga olib kelgan insonga topshirgan.

Foto: Times of Israel

Manisning aytishicha, o‘g‘irlikni uning tanishi sodir etgan. 15 yil davomida u uylangan, farzandli bo‘lgan, biroq qilmishini unuta olmagan.

“Uyni yig‘ishtirish jarayonida u yana bir bor toshga duch kelib qolgan va vijdonan ish tutish vaqti kelganini tushungan. Koronavirus tarqalishi sabab u qiyomat yaqinlashib qolganini his qilgan”, — deydi erkak.

Foto: Times of Israel

Arxeologlarning so‘zlariga ko‘ra, mazkur artefakt milliy yodgorlik hisoblanadi.