Xonanda Zohirshoh Jo‘rayev karantinda uyda o‘tirgan muxlislarining kayfiyatini ko‘tarish, ularni ruhan qo‘llab-quvvatlash uchun Instagram orqali mini-konsertlar tashkil etmoqda.

“Azizlar, o‘zingiz xohlagan qo‘shiqni jonli tarzda kuylab berishimni va’da qilgan edim, bugun shu va’dam ustidan chiqmoqchiman. Hozirgi qayg‘uli kunda oz bo‘lsa ham ko‘nglingizni ko‘tarishga, uyda bo‘lgan chog‘ingizda ham sizga dalda bo‘lishga qo‘ldan kelgancha harakatdaman, xizmatingizdaman. O‘rtamizda masofa bo‘lgani bilan siz azizlarim bilan qalban yaqinman, birgaman. Sizlar yana biror qo‘shig‘imni jonli tinglamoqchi bo‘lsangiz, o‘z fikringizni qoldiring. Men qo‘limdan kelgancha sizni oz bo‘lsa ham xursand qilish uchun harakatdaman. Chunki bir insonni ko‘nglini ko‘tarish ham ulug‘ yaxshiliklardan hisoblanadi”, — deb yozadi Zohirshoh Jo‘rayev.

Avvalroq Coldplay guruhi yakkaxoni Kris Martin ham karantinda uyda o‘tirgani tufayli Instagram’da konsert bergan edi.

Eslatib o‘tamiz, ayni paytda O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 49 nafarga yetdi. 24-martdan O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kuchaytirilgan tartib joriy etildi, dehqon bozorlaridan tashqari barcha bozorlarning faoliyati to‘xtatildi.