Koronavirus pandemiyasi dunyodagi ko‘plab sohalar xususan, moda olamiga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmadi. Lyuks toifadagi mahsulotlarning eng asosiy iste’molchilaridan biri — Xitoy virusning o‘chog‘i bo‘lsa, moda olamida eng nufuzli va ahamiyatli bo‘lgan Italiya koronavirus bilan kasallangan davlatlar orasida ikkinchi bo‘lib turibdi. Bu esa o‘z navbatida sohaning oqsoqlanishiga sabab bo‘lmoqda, biroq taniqli brend va kompaniya egalari iqtisodiy zarar haqida o‘ylab ham o‘tirmay aksincha, virusga qarshi kurashga moddiy yordam bermoqda, deb yozmoqda “Elle.ru”.

Foto: “Elle.ru”

Dizayner Jorjio Armani pandemiyaga eng birinchilardan bo‘lib reaksiya bildirgan, hali xalq orasida vahima boshlanmasidanoq brend taqdimotini profilaktika maqsadida yopiq joyda o‘tkazishga qaror qilgan. Shuningdek, hali Italiyada karantin e’lon qilinishidan avval ogohlik va ishchilarining sog‘lig‘iga xavf solmaslik uchun barcha o‘ziga qarashli bo‘lgan restoran, mehmonxona va do‘konlarni vaqtinchalik yopilishini ma’lum qilgan. Bundan tashqari, hafta boshida Armani Italiyadagishifoxonalarga jami 1,25 million yevro xayriya qildi.

Foto: “Elle.ru”

Versace brendi virus haqidagi xabarlarni jiddiy qabul qilib oldindan ehtiyot choralarini ko‘rgan yana bir yirik kompaniya hisoblanadi. Avvaliga Donatella Versache 16-mayda AQShda bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan ko‘rgazmani bekor qilishini bildirgan bo‘lsa, keyinchalik Xitoy Qizil Xoch jamiyatining tibbiy ehtiyojlari uchun 143 ming dollar, Italiyadagi tibbiyot muassasalari uchun jami 200 ming yevro sarfladi hamda koronavirus bilan kasallanganlar va ularning oila a’zolariga ular bilan ekanini ta’kidladi.

Boshqa brendlar ham bu borada jim qarab turgani yo‘q. Bvlgari soat brendi Rimda joylashgan Lazzaro Spallanzani shifoxonasining tadqiqot bo‘limiga moddiy yordam bergan va bu tashabbus COVID-19 ga qarshi vaksinani ishlab chiqishda muhim rol o‘ynagan.

Dolce & Gabbana brendi esa Instagram sahifasida Italiyadagi Humanitas universitetining immun tizimining koronavirusga reaksiyasini o‘rganish va tashxis qo‘yish borasida tadqiqotlar o‘tkazish uchun moddiy qo‘llab-quvvatlaganini ma’lum qilgan.

Foto: “Elle.ru”

H&M Foundation AQShdagi fondga 500 ming dollar miqdorida pul ajratgan.

Louis Vuitton, Dior, Givenchy, Kenzo, Loewe, Marc Jacobs va boshqa brendlarga egalik qiluvchi LVMH kompaniyasi Xitoydagi Qizil Xoch jamiyati uchun jami 2,2 million dollar xayriya qilgan.

Cartier, Van Cleef & Arpels и Chloe’larga egalik qiluvchi Richemont Group COVID-19 ga qarshi kurashish uchun 1,4 million dollar sarflagan.

Foto: Google Images

Gucci, Bottega Veneta, Saint Laurent, Balenciaga, Alexander McQueen brendlariga egalik qiluvchi Kering kompaniyasi ham Xubeydagi Qizil Xoch shifoxonasiga jami 1 million dollar yordam puli ajratgan.

South China Morning Post nashrining ma’lum qilishicha, Hermès brendi virusga qarshi kurashuvchi tibbiyot xodimlarini moddiy ta’minlovchi China Soong China Ling Foundation hisobiga 5 million yuan (711 278 dollar) o‘tkazgan.