O‘zbekistonda 15-mart kuni koronavirus bilan kasallanish holati qayd etildi. Bosh vazir Abdulla Aripov ishtirokida shu kuni o‘tkazilgan maxsus matbuot anjumanida ma’lum qilinishicha, ayol bilan birga Toshkentga 11-mart kuni 45 yo‘lovchi uchib kelgan (avvalroq 48 yo‘lovchi deyilgandi), ularning yarmi chet el fuqarolari bo‘lib, O‘zbekistondan keyingi manziliga uchib ketgan.

Foto: “Daryo”

Matbuot anjumanida ma’lum qilinishicha, kasallangan ayolning o‘zi asli oliy toifali shifokor, hatto o‘ziga tegishli tibbiyot muassasasi ham bor. U 15-martga o‘tar kechasi Virusologiya institutiga murojaat qilgan. Chamasi ikki soatlar o‘tib, tahlil natijalari chiqqan va unda koronavirus infeksiyasi borligi aniqlangan, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri Musulmonbek Ibrohimov.

Qayd etishlaricha, bemor ayol bilan muloqotda bo‘lgan to‘qqiz nafar oila a’zosi izolyatsiyaga olingan. Undan tashqari, shu reysda kelib, O‘zbekistonda qolgan yo‘lovchilarning bari aniqlanib, ular ham izolyatsiyaga olingan. “Umumiy 150 kishi izolyatsiyaga olingan”, — deya ma’lum qilindi tadbirda.

Abdulla Aripov ishtirokidagi matbuot anjumanida O‘zbekistondagi barcha maktablar, bog‘chalar va OTMlar karantinga yopilishi, Navro‘z sayillari, ommaviy marosimlar bekor qilinishi e’lon qilindi.

Shuningdek, O‘zbekiston 16-martdan boshlab boshqa davlatlar bilan barcha aviareyslarni bekor qiladi, mamlakatga avtotransportda kirish-chiqish yo‘llari ham yopiladi.