Toshkent shahar IIBB yengil avtomobillar narxini oshirish masalasi ko‘rib chiqilayotgani haqida xabar e’lon qilingach, internet tarmog‘ida norozilik bildirish uchun to‘planishga chaqirgan fuqarolarni qidirmoqda. Bu haqda idora matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: “Daryo”

“Hurmatli hamyurtlar! Sizdan ig‘vogar chaqiriqlaridan ta’sirlanmaslikni va faqatgina qonun doirasida harakat qilishingizni so‘raymiz”, — deyiladi xabarda.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 201-moddasiga ko‘ra, yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari yoki namoyishlar uyushtirish, o‘tkazish tartibini buzish – bazaviy hisoblash miqdorining oltmish baravaridan (14 316 600 so‘m) sakson baravarigacha (19 088 800 so‘m) miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

Ta’kidlanishicha, hozirgi vaqtda mazkur chaqiriqlarni tarqatayotgan shaxsning faol qidiruvi olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, UzAuto Motors kompaniyasi 9-mart kuni o‘zi ishlab chiqarayotgan (yig‘ayotgan) yengil avtomobillar narxi model va modifikatsiyaga qarab 3 foizdan 21 foizgacha oshirgan edi. Narxlarning bu qadar keskin oshishi xalq orasida keskin noroziliklarni keltirib chiqarmoqda. Hatto Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasi UzAutoMotors’ning avtomashinalar narxini oshirganini keskin qoralab chiqdi. 13-mart kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyati faollari bilan uchrashuvda avtomobillar narxi oshirilganini tanqid qilgan.