Janubiy Koreyada koronavirusga chalingan shaxslarning 60 nafari chet el fuqarolari bo‘lib, ulardan kamida bir nafari o‘zbekistonlikdir. Bu haqda Koreyaning Newsis portali xabar bermoqda. O‘zbekiston fuqarosida kasallik qachon aniqlangani, uning joriy ahvoli va qayerda ekani haqida aniq ma’lumot yo‘q. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bu holat bo‘yicha axborot bermagan.

Foto: Straits Times

Ushbu xabar Janubiy Koreyadagi o‘zbekistonliklarning internetdagi guruhlarida muhokamalarga sabab bo‘lgan. “Bemor haqida batafsil ma’lumot olsak, keyinroq yoritishga harakat qilamiz”, deyiladi Koreyadagi o‘zbek talabalarining umumiy Telegram-kanalida.

Janubiy Koreyadagi koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha tuzilgan markaziy shtab ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatdagi koronavirusga chalingan chet el fuqarolarining 38 nafari xitoylik, yetti nafari esa AQSh fuqarosi.

Bundan tashqari, Mo‘g‘uliston, Vyetnam, Argentina, Avstraliya, Tailandning ikki nafardan, Indoneziya, Yaponiya, Polshaning bir nafardan fuqarolari ham Janubiy Koreyada koronavirusga chalingan.

Avvalroq Rossiyaning Tyumen shahriga kasallangan xitoylik talaba qiz bilan bir samolyotda kelgan uch o‘zbekistonlik koronavirus gumoni bilan kasalxonaga yotqizilgani, biroq ularda virus topilmagani haqida xabar berilgan edi.

Shunday qilib, Janubiy Koreyada O‘zbekiston fuqarosining koronavirus yuqtirib olgani haqidagi ma’lumot — bu O‘zbekiston fuqarolari orasida ushbu kasallikka chalinish bilan bog‘liq ilk tasdiqlangan holatdir.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda shu kungacha koronavirus bilan kasallangan bemorlar qayd etilgani yo‘q.

Avvalroq O‘zbekistonning Janubiy Koreyadagi elchixonasi mamlakatda bo‘lib turgan o‘zbekistonliklarni Vatanga qaytish to‘g‘risidagi qarorlarini jiddiy o‘ylab ko‘rishni tavsiya qilib, Janubiy Koreya hukumati ilg‘or tibbiyot texnologiyalardan foydalangan holda koronavirus tarqalishining oldini olish uchun barcha zarur choralarni ko‘rayotganini, kasallik aniqlangan taqdirda chet el fuqarolariga ham davolash bilan bog‘liq bepul malakali tibbiy xizmat ko‘rsatilishi kafolatlanganini ma’lum qilgan edi.