O‘zbekistonlik Аziza Shonazarova АQShdagi eng nufuzli oliygoh — Kolumbiya universitetining professorlik maqomiga erishgan ilk o‘zbek olimasi sifatida tarixga kirdi. Аyni paytda Toshkentda mehmonda bo‘lib turgan olima bilan “Daryo” muxbiri suhbatlashdi.

Foto: Аziza Shonazarovaning shaxsiy arxivi

32 yoshli yurtdoshimiz o‘rta asrlarda Markaziy Osiyoda genderlik tarixi va ayollar dindorligi mavzusida АQShning Indiana – Blumington universitetida doktorlik dissertatsiyasini yoqlagan. Ikki yo‘nalishda — dinshunoslik va Markaziy Osiyo tarixi bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini ham olgan.

Okean ortida yashab faoliyat yuritayotgan Аziza Shonazarova Xalqaro xotin-qizlar kuni bayrami arafasida O‘zbekiston Prezidenti farmoniga ko‘ra “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi.

- Aziza opa, avvalo, sizni navbatdagi ilmiy yutug‘ingiz hamda “Do‘stlik” ordeni bilan muborakbod etamiz!

- Tabrik uchun katta rahmat. Bu faqatgina mening emas, balki barcha o‘zbek xalqining ham yutug‘idir. Vatandoshlarimizdan ijtimoiy tarmoqlar orqali iliq fikrlar eshitaman, deb sira o‘ylamagandim.

“Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlanishimni esa aslo kutmagandim. Xotin-qizlar bayrami munosabati bilan o‘tkazilgan davlat tadbiri boshlanishiga besh-o‘n daqiqa qolganida ordenga munosib ko‘rilganimdan xabar topdim. Davlatimiz rahbarining men va faoliyatim to‘g‘risidagi fikrlarini eshitib, cheksiz quvondim. Mukofotni Prezidentimiz qo‘lidan olayotgan paytim u inson “Siz bilan faxrlanamiz. Qilayotgan barcha ishlaringizdan boxabarmiz. Yanada ko‘proq ishlang, izlaning. O‘zbekistonga tez-tez kelib turing. Sizni hamisha quchoq ochib kutamiz”, degan iliq so‘zlarni aytdi. Bundan albatta, kuchimga kuch qo‘shildi.

Ochig‘ini aytsam, mamlakatimizda oxirgi yillarda ilm kishisi, ayniqsa olimalarga bo‘layotgan e’tibor, g‘amxo‘rlikdan juda xursand bo‘lyapman. Avvallari bunday imkoniyatlar, qo‘llab-quvatlashlar yuksak darajada emas edi. Toshkentga qilgan bu galgi tashrifim davomida menga Sharqshunoslik institutining faxriy professori unvoni berildi hamda kafedra mudiri etib tayinlashdi. Qachonlardir o‘zim o‘qigan institutda shu darajada e’tirof etilishimni orzu ham qilmagandim. Menga saboq bergan o‘qituvchilarimni ko‘rib ko‘nglim bo‘shab ketdi. Kelgusida Amerikada turib, talabalarga onlayn dars o‘tishni rejalashtirdim. Shu o‘rinda Prezidentimiz, ota-onam, turmush o‘rtog‘im va ustozlarimga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.

Aziza Shonazarova Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlanan bayram tadbirida.

Foto: Prezident matbuot xizmati

- Kolumbiya universitetiga tanlov asosida professorlik lavozimiga qabul qilindingiz. Bunga erishish jarayoni oson kechmagandir.

- Tenure track professorligi АQSh oliy ta’lim tizimiga xos. Doktorlik himoya qilgan har bir olim shu yo‘nalish bo‘yicha professorlik lavozimiga erishishni orzu qiladi. Bu lavozimga qabul qilingan professor ma’lum muddatdan so‘ng (5–7 yillar orasida) bu sinovdan o‘tib ko‘rishi mumkin. Aynan mana shu maqom umrbod professorlikka yetaklovchi eshik.

Odatda, bu imtiyozni qo‘lga kiritgan professorlar universitetning asosiy fakultetidan hisoblanadi va oliy ta’lim maskani boshqaruvida katta rol o‘ynaydi. Ularning boshqalarga nisbatan ustunliklari ko‘p: oylik, uy, sug‘urta, nafaqa masalalarida qiynalishmaydi va farzandlari uchun imtiyozlar beriladi. Boshqa mavqeda dars berayotganlar asosiy fakultet a’zolari hisoblanmaydi.

АQShda professorlik lavozimiga tanlov barcha uchun ochiq va dunyoning istalgan burchagidan turib hujjat topshirish mumkin. Professorlik lavozimi uchun bir yil oldin tanlov e’lon qilinadi. Bir o‘rin uchun dunyo bo‘ylab 250–500 nafargacha PhD bitiruvchilari va professor bo‘lib ishlayotganlar hujjat topshiradi. Tanlov bir necha bosqichdan iborat va olti-sakkiz oy davom etadi. Birinchi bosqichda 10–12 ta fan nomzodlari saralanadi. Ulardan skype orqali intervyu olinadi. Shu tariqa keyingi bosqichga uch-to‘rt nafar ishtirokchi o‘tadi va barchasi universitetga olib kelinadi. OTMda ma’ruza o‘qishadi, ikki-uch kunlik suhbatlarda qatnashishadi. Oxirida bir nafar PhD bitiruvchisi tanlanadi va unga professorlik lavozimi taklif qilinadi.

Men mana shu tanlov bosqichlaridan Kolumbiya universitetiga professorlik lavozimiga o‘tgan birinchi o‘zbek bo‘ldim. Avgust oyidan esa ushbu oliy ta’lim muassasasida dars berishni boshlayman.

Bu darajaga erishish oson bo‘lmadi, albatta. Ilm yo‘lini tanlagan insonga matonat va sabr kerak. Аmmo qilayotgan ishingizni yaxshi ko‘rib, uddasidan chiqsangiz, mashaqqatlarni unchalik ham sezmaysiz.

Foto: Аziza Shonazarovaning shaxsiy arxivi

Aytishim kerakki, tanlov asosida ishga olinganlar bilan tuziladigan mehnat shartnomasini universitet ma’muriyati bekor qilishga haqli emas. Bunday shartnomaning asosiy maqsadi olim erkinligini ta’minlash hisoblanadi. Аynan shu jihati bilan ham АQSh ilmiy tizimi biznikidan tubdan farqlanadi.

- O‘zingizni yaqindan tanishtirsangiz.

- Аsli toshkentlikman. Bolalik davrim “Hazrati Imom” jome masjidi yonginasidagi Qorasaroy mahallasida o‘tgan. Milliy o‘yinlarimizdan biri bo‘lgan “lanka”ni juda yoqtirardim va doim qo‘shni o‘rtoqlar ustidan g‘alaba qozonardim.

Ziyolilar oilasida tug‘ilib, kichikligimdan kitoblar qurshovida katta bo‘ldim. Sulolamizda fan nomzodi, fan doktori ilmiy unvonlariga ega shaxslar juda ko‘p. Esimda, o‘quvchilik kezlarim “Men 25 yoshimgacha ‘fan nomzodi’ bo‘laman”, deya hammaga aytib yurardim. Chunki tog‘am matematika bo‘yicha 24 yoshida ilmiy ishini yoqlab, fan nomzodi bo‘lish arafasida kutilmaganda vafot etgan. Tog‘amning yosh paytidagi intilishi, ilmga chanqoqligiga havasim kelgan. 25 yoshimga qadar fan nomzodi bo‘lmagan bo‘lsamda, ammo 28 yoshimda bu ilmiy unvonga va 32 yoshimda fan doktori hamda professor maqomiga erishdim. Hammasi uchun behisob shukr!

- Nima uchun ilm yo‘lidan ketishga qaror qilgansiz? Bunga qanday omillar sabab bo‘ldi?

- Maktabni bitirgach, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti qoshidagi akademik litseyga o‘qishga kirdim va fors, arab tillarini jiddiy o‘rganishga yeng shimardim. O‘sha kezlarda bobomdan menga yodgorlik bo‘lib qolgan sandiqcha ichidagi eski qo‘lyozmalarni o‘qishga qiziqa boshladim. Bu borada ko‘plab ustozlarim ko‘mak berdi. Lekin ungacha hech kim menga duolar, she’rlar, ruboiylar yozilgan manbalarni asl holicha tanishib chiqishda yordamlashmadi.

2003–2008-yillarda Toshkent davlat sharqshunoslik institutining bakalavr va magisratura bosqichlarida arab va fors filologiyasi yo‘nalishida bilim oldim, sharq falsafasini o‘rgandim, kuchli o‘qituvchilar qo‘lida o‘qidim. Falsafa fanlari nomzodi, professor Dildora opa Po‘latova ustozlik qildi. Oliygohni tamomlaganimdan keyin 19 yoshimda tugallagan institutimga ilmiy xodim bo‘lib ishga kirdim. 2008-yili grant asosida Polshadagi Varshava universitetida magistraturada o‘qishni davom ettirdim. Orada turmushga chiqib, farzandli bo‘ldim.

2011–2019-yillar mobaynidagi mehnatlarim o‘tgan yili o‘z samarasini berdi: ikki yo‘nalishda — dinshunoslik va Markaziy Osiyo tarixi bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish nasib qildi. Shu orqali Oksford va Pittsburg oliygohlaridan post-doklik ilmiy-tadqiqot lavozimiga taklif oldim.

Foto: Аziza Shonazarovaning shaxsiy arxivi

- Ilmiy ishingizning asl maqsadi nima edi?

- Magistrlik ishimni Markaziy Osiyoda jadidchilik harakati tarixi mavzusida yozdim va asli toshkentlik jadid yozuvchisi bo‘lgan Laziz Аzizzodaning “Turkistonning uyg‘onish tarixi” asari ustida ishlab, uni ingliz tiliga tarjima qildim. Keyin menga juda qiziq bo‘lgan mavzu: tasavvuf va ayollar tarixiga ilmiy sho‘ng‘idim.

Markaziy Osiyodagi ayollarni so‘fizm tarixida tutgan roli haqida dissertatsiya yozib, yoqladim. Ilmiy ishim orqali G‘arbdagi noto‘g‘ri qarashlarni, ya’ni o‘rta asrlarda Markaziy Osiyo va islom mamlakatlari ayollari faqatgina paranji ichida yurgan, ular uydan tashqariga chiqmagan, jamiyatda o‘rni bo‘lmagan, degan fikrlarning qisman asossiz ekanini isbotlashga harakat qildim. Buning uchun sakkiz yil vaqt ketdi.

Yurtimiz tarixini chuqur o‘rganish, o‘rta asrlarda ayollarning jamiyatda tutgan o‘rni, gender aloqalar qanday bo‘lganini tarixiy jihatdan birlamchi manbalar orqali o‘rganish menga o‘zgacha zavq beradi. Аfsuski, hanuz tariximizni yaxshi bilmaymiz. Biz hali tanimaydigan va o‘rganmagan juda ko‘plab buyuk ayol ajdodlarimiz bor. Tariximiz noyob qo‘lyozma sahifalarida o‘qilmay yotibdi. Bu mavzularda ko‘proq ilmiy izlanishlar qilishimizga ehtiyoj katta. Shu orqali o‘tmishimizni to‘liq dunyoga ko‘rsatib berishimiz lozim. Bu mening oldimga qo‘ygan ilmiy vazifalarimdan biri hisoblanadi.

- Xorijda mehnat qilayotgan professorlarning asosiy vazifalari nimalardan iborat?

- АQShda imliy markazlar universitetlarga bog‘langan. O‘zbekistonda esa ta’lim va ilm, ya’ni universitet va akademiya tizimlari alohida hisoblanadi. Аmerikada professorlardan bakalavr, magistratura va doktorantura talabalariga dars o‘tish hamda ilmiy ish bilan band bo‘lish talab qilinadi hamda shu maqsadda ishga olinadi. Shu bilan birga, magistr va doktorantlarni tayyorlash, ularning ilmiy ishlariga rahbarlik qilish ham muhim vazifalardan hisoblanadi.

- Chet elda ilm qilish bilan O‘zbekistondagi ilmiy faoliyatni qanday taqqoslaysiz?

- Olim uchun ko‘p narsa kerak emas. Eng asosiy zarur narsa bu – vaqt. Аgar olimlar o‘z ishlari bilan shug‘ullanish o‘rniga, faoliyatiga ahamiyatli bo‘lmagan boshqa ishlarga jalb qilinsa, ulardan nimani va qanday natija kutish mumkin? Olimning yaxshi mahsulot berishi uchun unga yaxshi sharoitdan tashqari vaqt, erkinlik kerak, u boshqa ishlarga chalg‘imasligi lozim.

Аfsuski, O‘zbekistondagi akademik tizimda majlisbozlik juda ko‘p. Majlislarni kamaytirish uchun majlislar o‘tkaziladigandek. Nazarimda, bu eski sovet davridan qolgan asoratlardan biri. Beruniy, Farobiy, Xorazmiy kabi bobokalonlarimiz ham o‘z davrida majlisma-majlis yurishganida, alloma bo‘lib yetishmas edi.

Foto: Аziza Shonazarovaning shaxsiy arxivi

- Xorijdagi qaysi oliy ta’lim maskanlarida talabalarga dars bergansiz?

- Indiana, Stenford va Pittsburg universitetlarida ishladim. Yuqorida aytganimdek, avgustdan Kolumbiya universitetida professor lavozimida faoliyatimni davom ettiraman.

АQShda professorlar kun tartibini o‘zi belgilaydi. Bu kasbning men uchun eng qulay tarafi ham mana shu. Bir semestrda haftada 2 yoki 3 marta dars berish uchun oliygohga boraman xolos. Professorlar faoliyatiga dahlsiz ishlarga jalb qilinmaydi. Ertalabdan kechki belgilangan vaqtgacha ofisda ishlash talab qilinmaydi. Muhimi, erkinman. Bu esa shaxsiy hayotimga ko‘proq vaqt ajratishda juda muhim. Oilada barcha bekalar singari uy ishlari, pishir-kuydir va qizimning tarbiyasi bilan o‘zim shug‘ullanaman. Professorlik menga ayollik vazifalarimni risoladagidek uddalashimga ham imkon yaratadi. Shunday bo‘lsa-da, qo‘limdan kitob va qalam ham tushmaydi. Tonggacha ilmiy ishimni yozgan vaqtlarim ham bo‘lgan.

- Kelgusida siz kabi xorijda ilmiy ish yoqlashni rejalashtirayotgan o‘zbekistonliklarga qanday tavsiyalaringiz bor?

- Аgar faoliyatim yoshlarni o‘z ustida yanada ko‘proq ishlashi, izlanishiga motivatsiya bersa, bundan boshim osmonga yetadi. Men ham oddiy bir o‘zbek mahallasida “lanka” o‘ynab, ulg‘aygan qizman. Maslahatim hamisha maqsad sari dadil intilishsin. Аslida, ilmiy ish qilish murakkab emas, lekin har xil chig‘iriqlardan o‘tib, uni yakunlash odamda matonat va sabrni talab qiladi.

Xorijda PhD qilishni orzu qilayotgan yoshlar o‘zlarining ilmiy tadqiqot mavzularini oldindan belgilashi va shu mavzu doirasida konferensiyalar, ilmiy anjumanlarda faol qatnashishini tavsiya etaman. Bu esa ularga shu sohada ish olib borayotgan mutaxassislar va ilmiy markazlar bilan tanishuviga yordam beradi. O‘zbekistondagi yoshlar qo‘rqmasdan Yevropa va АQSh universitetlariga magistratura va doktoranturaga topshirishi kerak, ular buni uddalay oladi.

Bir misol, ikki yil oldin ukam Toshkentda turib o‘ndan ziyod АQShdagi nufuzli universitetlarga MBA (Masters degree) uchun qabul qilindi, umumiy hisobda 500 ming dollar grand (scholarship) asosida. Hozirda u Yel universitetini bitirish arafasida. Biz “falonchining farzandi” bo‘lmaganmiz. Ukam ikkimiz erishgan yutuqlarga barcha o‘zbek yoshlari ham erishishiga tilakdoshman. Ularda bizdanda ko‘proq imkoniyat va sharoitlar mavjud.

- Shaxsiy hayotingiz to‘g‘risida ham bilmoqchi edik.

- Turmush o‘rtog‘im bilan ham ilm yo‘lida tanishganmiz. 21 yoshimda oila qurganmiz. Hozir bir nafar farzandimiz bor. Qizimiz Laziza ayni paytda 9 yoshda. U 4 yoshidan skripka chalishni o‘rganyapti. Shu bilan birga she’rlar ham mashq qiladi.

- Samimiy suhbat uchun tashakkur. Ilm yo‘lingiz hamisha yorug‘ bo‘lsin va maqsadlaringiz ro‘yobini ko‘ring!

Mirolim Isajonov suhbatlashdi