“Daryo” saytida haftaning eng muhim va muhokamali xabarlari sharhini boshlaymiz. Hafta yangiliklarga boy.
2020-yilning marti mamlakatimiz ayollariga ulgurji sovg‘alar bilan keldi. Fevralda boshlangan ayollarni hokimlikka tayinlash an’anasi martda oshirib davom ettirildi. Dilfuza O‘rolova Sirdaryoning Boyovut tumaniga, Nargiza Ne’matova Buxoroning Olot tumaniga, Sadbarxon Mamitova Andijonning Bo‘ston tumaniga, Maqsuda Mustafoyeva Qashqadaryoning Qarshi tumaniga, Zulayho Mahkamova Namanganning To‘raqo‘rg‘on tumaniga, Gavhar Alimova esa Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahriga hokim etib tayinlandi. Aytish joizki, nozik jins vakilalarini qisqa vaqt ichida lavozimlarga ko‘tarish yaqin tariximizda kuzatilmagan. Prezident Shavkat Mirziyoyev ularga dalda berib, hech narsadan qo‘rqmaslikni tayinladi va “ishonaman — ayollar rahbar bo‘lgan tumanlarda adolat bayrog‘i boshqacha hilpiraydi”, deb aytdi.
* * *
So‘kong‘ich hokimlarning tovushi anchadan beri chiqmay qolgani uchun ahvol yaxshilangani haqida yaxshi gumonga borib o‘tirganlar bor edi. Biroq Mirishkor hokimi optimistlarga yana pand berdi. Hokim Baxtiyor Rajabovning tarqalgan yangi “audiozapis”idagi haqoratlardan majlisdagi stol-stullargacha qizarib ketgan. Xodimlarning onasi-yu qizi qolmasdan changitib so‘kadi va audio oxirida gursillagan tovushlar jo‘r bo‘ladi. Aftidan, Baxtiyor Rajabov nafaqat kekirdagini, balki qo‘l-oyog‘ini ham cho‘zgan, biroq uning o‘zi “so‘kkanim rost, ammo hech kimga qo‘l ko‘tarmadim”, deb iqrorlik ham bildirdi. Mahalla raislari topshiriqni bajarmagani va bepisand javob bergani uchun “o‘zini boshqarolmay” so‘kib qo‘yganini tan oldi.
Bu orada Qashqadaryo viloyati hokimligi axborot xizmati voqeaga munosabat bildirib, “qonuniy chora ko‘rilishi lozimligi”ni urg‘uladi. Bosh prokuratura ham holatni o‘rganayotganini bildirdi. Taniqli deputat Rasul Kusherboyev “Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumani hokimi kim bo‘lishidan qat’i nazar rahbarlikka nomunosib, uquvsiz, bilimsiz, tuban inson ekanligini namoyon etibdi. Bu inson o‘zining bugungi O‘zbekiston kelajagini qurib bo‘lmaydigan va Prezident obro‘sini to‘kadigan kaltafahm, pastkash shaxs ekanligini namoyon qildi”, deb yozdi. Mashhur “ariqqa tushirish” voqeasi bilan tanilgan va hozirda Qashqadaryo viloyati hokimi Zoir Mirzayev ham “Mirishkorning zo‘ravon hokimi Qashqadaryo viloyati nomiga dog‘ tushirdi”, deb munosabat bildirdi.
Shunday qilib, Mirishkorning navbatdagi so‘kong‘ich hokimi bu haftada ishdan olindi. Yig‘ilishda Zoir Mirzayev “hokimiyat binosi haqorat so‘zlarni ishlatish yoki kimnidir so‘kish uchun qurib berilmagan”, deya tanbeh berdi. Mirishkorning avvalgi hokimi Ravshan Komilov daladan so‘roqsiz makkajo‘xori olayotgan otaxonni “iyotsiz” deya haqoratlagani uchun tanilgan va keyinroq bu ishi uchun uzr so‘ragan edi. Mazkur voqeadan ko‘p o‘tmay Ravshan Komilov o‘z lavozimidan ozod etilgan va uning o‘rniga Baxtiyor Rajabov tayinlangandi, biroq uning davri yarim yilga ham bormadi.
* * *
Butun dunyoda koronavirus vahimasi qo‘zg‘alib turgan vaqtda O‘zbekistonda tinchlik ekani kishini ajablantiradi. Qo‘shni Afg‘oniston va Eronda koronavirusdan o‘limlar kuzatilayotganda, O‘zbekiston bilan chambarchas aloqada bo‘lgan Janubiy Koreya va Rossiya Federatsiyasida virus yuqqanlar soni tobora oshib borayotgan bir mahalda mamlakatimiz shifokorlari miq etmayotganligi shubha uyg‘otmasdan qo‘ymaydi. Bu haftada O‘zbekistonga koronavirus kirib kelgani xabari tarqaldi. Virus haqidagi yana bir xabar farg‘onalik muxbir ovozi bilan ijtimoiy tarmoqlarda tarqatildi. Sog‘liqni saqlash vazirligi e’tiroz bildirib, 3-mart holatiga ko‘ra O‘zbekistonda koronavirusga chalingan bemorlar yo‘qligini, bu borada tarqalgan xabarlar asossizligini ma’lum qildi hamda nazorat o‘ta kuchli bo‘layotganini bildirdi. SSV, shuningdek, fuqarolarni virusdan himoyalanishga chorlovchi SMS’lar yubormoqda.
* * *
2021-yilning 1-yanvaridan boshlab yangi tug‘ilgan chaqaloqlarga, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga va O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarolariga biometrik pasport o‘rniga 10 yil muddatga hujjat egasining shaxsini va fuqaroligini tasdiqlovchi hujjat sifatida identifikatsiya ID-kartasi beriladi. ID-kartalar faqat O‘zbekiston hududida amal qiladi. Chet elga chiqish uchun O‘zbekiston fuqarosining chet elga chiqish uchun biometrik pasporti (“zagranpasport”) beriladi. 2030-yil 1-yanvardan boshlab 2011-yildagi O‘zbekiston fuqarosining biometrik pasportlari haqiqiy emas deb hisoblanadi. Demak, biometrik pasportimiz yana 10 yil umr ko‘radi.
* * *
Bu yilgi 8-martda xotin-qizlarimizga alohida e’tibor sezildi. Bayram munosabati bilan 83 nafar mahkuma afv etildi. Shavkat Mirziyoyev Oltiariq tumanidagi fermer xo‘jaligi rahbari, O‘zbekiston Qahramoni Lola Murotovaga telefon qilib bayram bilan tabrikladi. Shuningdek, ko‘plab xotin-qizlar unvonlar bilan mukofotlandi. Mukofotlanganlar orasida olimpiada chempioni Oksana Chusovitina, Amerika Qo‘shma Shtatlarining Kolumbiya universiteti professori Aziza Shonazarova, haj ziyorati uchun yiqqan mablag‘ini mahalladoshlariga beg‘araz yordamga sarflagan rishtonlik tadbirkor Izrabu Usmonova, qishloq ahli uchun o‘z hisobidan kutubxona barpo etgan sayxunobodlik Gavhar Husanova kabilar bor.
* * *
Haftamizning yana bir o‘ta muhim yangiligi paxtaga davlat buyurtmasining bekor qilinishidir. Prezidentning “Paxtachilik sohasida bozor tamoyillarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. 2020-yil hosilidan boshlab davlat tomonidan paxta xomashyosi ishlab chiqarish va sotish rejasini belgilash amaliyoti bekor qilinadi; paxta xomashyosining xarid narxini belgilash amaliyotidan voz kechiladi; paxta xomashyosi yetishtiruvchilarga rayonlashtirilgan navlarni erkin tanlash huquqi beriladi; sertifikatlangan urug‘lik yetkazib berish tizimi saqlab qolinadi va yana beshta punktda o‘zgarishlar sanab o‘tilgan.
Yangilikni qullik bekor qilinishi bilan qiyoslashmoqda. Lekin... shu lekin bog‘lovchisi doim optimizmning beliga tepadi. Fermerning klasterga yoki klasterlar mavjud bo‘lmagan hududlarda tashkil etiladigan kooperatsiyalarga bog‘liqligi saqlanib qolinishi eski tizim batamom tugatilmaganini bildiradi.
* * *
Qariyb ikki yildan beri istar-istamas javoblar berib kelayotganimiz Yevrosiyo ittifoqiga qo‘shilish masalasi ham aniq bo‘ldi. O‘zbekiston YeOIIga kuzatuvchi-davlat maqomida qo‘shiladi. Bu qanday maqom?
O‘zbekiston vakili hukumat bilan ittifoq doirasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, texnik, bojxona, sanitariya va fitosanitariya reglamentlarini tartibga solish, Komissiya vakolatiga kiradigan boshqa masalalar bo‘yicha doimiy aloqalarni o‘rnatish va qo‘llab-quvvatlashga mas’ul bo‘ladi. Kuzatuvchi davlatning vakolatli vakillari YeOII taklifiga binoan, ittifoq organlari yig‘ilishlarida ishtirok etish, qabul qilingan qarorlar bilan tanishish (maxfiy hujjatlar bundan mustasno) huquqiga ega. Kuzatuvchi maqomi ittifoq organlarida qaror qabul qilishda ishtirok etish imkoniyatini bermaydi. Shu bilan birga, kuzatuvchi maqomini olgan davlat YeOII ta’sis shartnomasida ko‘rsatilgan maqsad va yo‘nalishlarga zid, ittifoq va uning a’zo davlatlari manfaatiga zarar yetkazadigan xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ymasligi shart. Bugungi kunda YeOIIga Armaniston, Belarus, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Rossiya a’zo. Moldova kuzatuvchi maqomiga ega.
“Daryo” yangiliklarini kuzatib boring. O‘zbekiston va dunyo xabarlaridan eng birinchi xabardor bo‘ling.
Izoh (0)