O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining Etika qo‘mitasi qaroriga ko‘ra, Superliganing 1-tur uchrashuvlaridan so‘ng “Buxoro” futbol klubi bosh murabbiyi Muxsin Muhammadiyev hamda “Navbahor” futbol klubi o‘yinchisi Ivan Solovyovga nisbatan jazo tayinladi. Bu haqda tashkilot rasmiy saytida xabar berildi.
Qayd etilishicha, “Qo‘qon-1912” – “Buxoro” uchrashuvidan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumani vaqtida mehmonlar ustozi Muxsin Muhammadiyev uchrashuv hakamlarining o‘yin davomida qabul qilgan qarorlarini haqorat qilib, bu bilan O‘zbekiston professional futbol klublari uchun 2020-yilgi musobaqalarni o‘tkazish Reglamentida belgilangan uchrashuv rasmiy shaxslariga nisbatan protest va shikoyat bildirish tartibiga rioya qilmagani uchun unga nisbatan Intizom kodeksining 2-bo‘lim 5.39-bandiga muvofiq moddiy jarima belgilandi.
Shuningdek, “Paxtakor” – “Navbahor” uchrashuvidan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda uchrashuv bosh hakami sha’niga nisbatan haqoratli so‘zlar ishlatgani uchun namanganliklar futbolchisi Ivan Solovyovga Intizom kodeksining 2-bo‘lim 5.38-bandiga muvofiq moddiy jarima belgilandi.
Avvalroq O‘FA hakamlik qo‘mitasi 2-mart kuni “Paxtakor” — “Navbahor” uchrashuvini boshqargan Ilgiz Tantashevni mazkur bahs davomida yo‘l qo‘ygan xatolari uchun bir oy muddatga Superliga o‘yinlaridan chetlatib, quyi ligaga badarg‘a qilgan edi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)