O‘zbekiston davlat san’at muzeyidagi XIX-XX asrlarga tegishli bo‘lgan so‘zananing haqiqiyligini aniqlash bo‘yicha Madaniyat vazirligi tomonidan 2014-yilda o‘tkazilgan inventarizatsiyada asar asliga mos kelmasligi aniqlangan.

Foto: Madaniyat vazirligi

Madaniyat vazirligining ma’lum qilishicha, asl san’at asari soxtasiga o‘sha davrda O‘zbekiston davlat san’at muzeyining bosh muhofizi bo‘lib ishlagan M.Usmonov tomonidan almashtirilgan. So‘zananing asliga mos kelmaganligi to‘g‘risida 2014-yilning 28-may kuni dalolatnoma tuzilgan. Vakolatli davlat tashkilotlari qarori asosida hukm chiqarilgach, bosh muhofiz 9 yil 3 oyga ozodlikdan mahrum etilgan.

Madaniyat vazirligi hozirda asl so‘zana asarini xorijdan qaytarish choralari ko‘rilayotganini haqida ma’lum qilgan.

Avvalroq 5-fevral Termiz arxeologiya muzeyi xodimlari tomonidan Termiz tumanidagi “Zumola” yodgorligi yaqinida joylashgan dala ekin maydonidan Kushon podshohligi davriga oid oziq-ovqat saqlanadigan omborxona topilgani haqida xabar berilgandi.