Ikkinchi jahon urushi davom etayotgan bir paytda, 1944-yilning fevral oyida SSSR davlat mudofaa qo‘mitasi go‘yoki fashistlar Germaniyasi bilan hamkorlik qilganlik aybi bilan Chechen-Ingush ASSR hududida yashayotgan chechen va ingushlarni Qozog‘iston va Qirg‘iziston hududiga ommaviy deportatsiya qilish va ASSRni tugatish haqida qaror chiqardi. Bu voqea tarixda “Chechevitsa operatsiyasi” nomini oldi. “Daryo” kolumnisti Jahongir Ostonov SSSR tarixidagi eng yirik etnik deportatsiyalardan biri haqida hikoya qiladi.
Deportatsiya borasida rasmiylar ikki xil qarashga ega edi. Molotov, Jdanov, Voznesenskiy va Andreyev barcha chechen va ingushlarni zudlik bilan deportatsiya qilish va Chechen-Ingush ASSRni tugatish tarafdori edi. Stalin, Voroshilov, Xrushchyov, Kaganovich, Beriya va Kalinin deportatsiya qilishni shimoliy Kavkaz nemislardan ozod qilingach amalga oshirishni taklif qildi. Faqatgina Anastas Mikoyan bu taklifga qo‘shilmadi. Uning fikricha, amaliyot SSSRning xalqaro maydondagi obro‘siga putur yetkazardi. Shuning uchun ham 1957-yilda Mikoyan Chechen-Ingush ASSRni qayta tiklash komissiyasiga rahbarlik qildi.
Dastlab, ularni Oltoy o‘lkasi, Novosibirskiy va Omsk viloyatlariga ko‘chirish mo‘ljallangan edi. Ammo oxirida Qozog‘iston va Qirg‘iziston SSR varianti tanlandi. Deportatsiya 1944-yilning 23-fevral kuni boshlandi. Ba’zi manbalarda jarayon 28-fevralgacha, ba’zilarida esa 9-martgacha davom etgani qayd qilindi. Operatsiyani amalga oshirish uchun 100 mingdan ortiq askar, 180 ta poyezd, 12 mingta vagon safarbar etildi. Turli xil manbalarda jami deportatsiya qilingan ingush va chechenlar soni 500 mingdan 650 mingga yaqin ekani aytiladi. Shundan 100 mingdan ortiq chechen va 12 mingdan ortiq ingush millatiga mansub aholi deportatsiya vaqtida va undan keyingi yillarda vafot etdi.
Operatsiyaning “Chechevitsa” deb nomlanishini “chechen” so‘ziga bog‘lashadi. Asosan musulmonlar istiqomat qiladigan mazkur hudud aholisining majburan ko‘chirilishiga sabab qilib rasmiylar ularning urush paytida nemislar bilan hamkorlik qilganini aytadi. Ammo majburiy ko‘chirish amaliyotining asl sabablari hali-hanuz mavhumligicha qolmoqda. Rasmiylar aytganidek, chechen va ingushlarning nemislar bilan hamkorlik qilishi imkonsiz edi. Chunki ular yashab turgan hudud nemis askarlari tomonidan to‘liq egallanmagan, egallangan kichik bir qismi esa tezlik bilan ozod qilingan edi.
Bundan tashqari, Qizil armiya safida xizmat qilayotgan chechen millatiga mansub askarlar ham anchani tashkil qilardi. Urush boshlangan yillari 9 ming chechen-ingush fuqarosi harbiy xizmat o‘tayotgan bo‘lsa, yana 40 ming kishi ular safiga qo‘shildi. Jumladan, Brest qal’asi himoyasi uchun janglarda 450 nafar chechen-ingush fuqarolari qatnashgan. Mazkur himoyachilardan biri Magomed Uzuyev 1996-yilda Rossiya Federatsiyasi qahramoni deb topildi.
Chechen-Ingush ASSR tugatilganidan keyin uning o‘rniga Grozniy viloyati tashkil etildi. Respublikaning ba’zi hududlari Shimoliy Osetiya, Dog‘iston va Gruziyaga qo‘shib yuborildi. Deportatsiyadan so‘ng rasmiylar hududda istiqomat qilgan xalqlarning tamaddun izlarini yo‘qotishga harakat qildi. Chechen va ingush tillaridagi toponimlar ruscha va osetinchaga almashtirildi; masjidlar va qabristonlar buzib tashlandi, qabr toshlari boshqa maqsadlarda ishlatish uchun olib ketildi; chechen va ingush tillaridagi kitoblar yoqib yuborildi, vaynaxlar tarixi haqidagi hujjatlar, muzeylardagi osori-atiqalar yo‘q qilindi, ba’zilari Moskvaga olib ketildi.
Amaliyot paytida amalga oshirilgan bir jinoyat, aniqrog‘i, Xaybax qishlog‘idagi ommaviy genotsid rasmiylar tomonidan tan olinmadi. Gap shundaki, Galanchoj tumanidagi o‘tish qiyin bo‘lgan tog‘li Xaybax qishlog‘idan odamlarni ko‘chirish payti transport xarajatlarini tejash maqsadida, mustaqil harakatlanib pastga tusha olmaydigan qariyalar, kasallar, ayollar va yosh bolalarni kolxoz otxonasiga aldov yo‘li bilan qamab, o‘t qo‘yildi. Qochishga harakat qilganlar esa otib tashlanadi. O‘sha kuni umumiy hisobda 700 kishi yoqib yuborildi. Ushbu versiya voqeaning yagona guvohi Ziyovuddin Malsagov tomonidan hikoya qilib berilgan.
Yashash joyidan qat’i nazar barcha chechen va ingush millatiga mansub fuqarolar, jumladan, Dog‘istondan 28 ming chechen, Gruziyadan 2 700 chechen, shuningdek, ko‘plab ingushlar deportatsiya qilindi.
Rasmiy hisob-kitoblarga ko‘ra, amaliyot davomida 780 kishi o‘ldirilgan, 6 544 kishi qochib ketgan. Shuningdek, fuqarolardan 2 016 ta antisovet buyumi, 20 mingta o‘qotar qurol olib qo‘yilgan. Ammo bu raqamlar ko‘pchilikni shubhalantiradi.
Qurollar bilan bog‘liq jinoyat bo‘yicha 2 ming kishi hibsga olindi. NKVD harbiylari hibsdagilarni qo‘yib yuborish uchun mahbuslarning oilalaridan qurollarni topshirishni so‘raydi. Ular qurollarni yana NKVD xodimlaridan sotib oladi. Shunday qilib qurollar bir necha bor qayta sotiladi. Bu esa NKVDning ayyorona taktikasi edi.
Transport xarajatlarini kamaytirish maqsadida 28-32 kishilik vagonlarga 45, ba’zida 100-150 kishi joylashtirildi. Vagonlar esa buncha odamni qabul qilishga kichiklik qilardi. Shuningdek, NKVD arxivlarida har bir vagonda 240 nafardan odam tashilgani haqida ma’lumotlar saqlab qolingan. Rasmiylar poyezdlarning tibbiy va oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlanganini, aksariyat hollarda odamlar yomon ob-havo sharoiti, surunkali kasallik, yashash sharoitidagi o‘zgarish va yosh sababli kelib chiqadigan jismoniy charchoqdan vafot etganini aytadi.
Ma’lumotlarda safar davomida poyezdlarda 56 nafar bola dunyoga kelgani, 1 272 nafar kishi vafot etgani qayd etilgan. Ammo guvohlarning ko‘rsatmalari bu faktlarning umuman teskarisini ko‘rsatadi. Masalan, shunday guvohliklardan birida aytilishicha, Zakan stansiyasida odamlarning ko‘pligidan oyoq qo‘yishga joy bo‘lmagan.
Kazalinskka kelinganda esa vagon ichida bolalar bemalol o‘ynab yurgan. Rossiya Konstitutsiyaviy sudi a’zosi A.M. Ametistov shunday hikoya qiladi: “Chechenlar to‘la vagonlarning kelishini ko‘rdim. Ularning yarmi allaqachon o‘lgan, tiriklar esa 40 darajadan past sovuqda ko‘chada qolgandi”.
1944-yilning 20-mart kuni chechen va ingushlar o‘tirgan poyezdlar manzilga yetib keldi. Ammo ular mahalliy sharoitlarga moslashib ketishga qiynaldi. Urush tufayli ancha qiyin ahvolga tushib qolgan mahalliy xalq ham ularga yordam berish imkoniyatiga ega emas edi. Oradan 12 yil o‘tibgina ular o‘z vatanlariga qaytish imkoniyatiga ega bo‘ldi. 1957-yilda Qozog‘istonda 315 ming, Qirg‘izistonda esa 80 mingdan ortiq chechen hamda ingushlar istiqomat qilardi.
1957-yilning bahorida Chechen-Ingush ASSR qayta tiklangach, ularga o‘z uylariga qaytishga ruxsat berildi. Shunday qilib, 140 ming kishi o‘z uyiga qaytdi. Lekin ularga ba’zi tog‘li tumanlarga joylashishga ruxsat berilmadi. Ulardan biri ommaviy qirg‘in uyushtirilgan Galanchoj tumani edi. U yerda yashab kelganlarning uylari esa buzib tashlandi.
Amerikalik sharqshunos Brayn Uilyamsning fikricha, surgundagi o‘lim holatining yuqoriligi sabab deportatsiyani BMT konvensiyasiga muvofiq genotsid deb atash mumkin edi. 2004-yilning 26-fevral kuni Yevropa parlamenti chiqargan rezolyutsiyaga ko‘ra, ushbu amaliyot chindan ham genotsid deb baholandi.
Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.
Izoh (0)