Xitoyda koronavirus bilan kasallangan, biroq xastaligini qasddan yashirgan yoki safarlari tarixini oshkor qilmagan fuqarolarga nisbatan jinoiy javobgarlik joriy etilishi mumkin. Bu haqda, Pekindagi o‘rta darajadagi Ikkinchi xalq sudi bayonotiga asoslanib, Beijing Daily gazetasi xabar berdi.

Foto: “RBK”

Maqolada ta’kidlanishicha, infeksiyaning tarqalishiga yo‘l qo‘ygan shaxs jamoat xavfsizligiga tahdidni keltirib chiqarishda ayblanishi mumkin.

Gazetaning yozishicha, Xitoyning amaldagi qonunchiligiga muvofiq, “yuqumli kasalliklarning qo‘zg‘atuvchilarini qasddan tarqatganlik” uchun fuqaro yo 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi, yoki umrbod qamoq yoxud o‘lim bilan jazolanishi mumkin. Maqolada alohida qayd etilishicha, eng oliy jazo “eng alohida holatlarda qo‘llaniladi”.

Sud vakillarining tushuntirishicha, kasallik belgilari (yo‘tal, haroratning ko‘tarilishi, charchoq va boshqalar) haqida rasmiylarga yoki shifokorlarga xabar bermagan, so‘nggi bir necha hafta davomida Uxanda bo‘lganini yoki koronavirus bilan xastalangan bemorlar bilan yaqin muloqot qilganini yashirgan, shuningdek, koronavirus tashxisi qo‘yilgan-u, lekin bu haqda ma’lum qilmagan shaxslar jinoiy javobgarlikka tortiladi.

Ta’kidlanishicha, zotiljamga chalingan, biroq “samarali himoya choralarini ko‘rmasdan” jamoat joylariga borgan bemorlar ham jazolanadi. Sud bunday holatlarni infeksiyani qasddan yuqtirishga urinish, deb talqin qilgan; qayd etishlaricha, bunday qilmish uchun fuqaro uch yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Agar koronavirus tashxisi qo‘yilgan bemor karantin yoki davolanishdan bosh tortsa, u bu harakati bilan “noma’lum miqdordagi odamlar” xavfsizligini tahdid ostida qoldiradi. Bunday qilmish uchun ayblanuvchi uch yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Agar bemorning xatti-harakatlari jamoat xavfsizligini tahdid ostida qoldirsa, boshqa insonning “jiddiy jarohat olishi yoki o‘limi”ga sabab bo‘lsa yoxud “davlat yoki xususiy mulkning sezilarli zarar ko‘rishiga” olib kelsa, huquqbuzar 10 yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum etilishi, umrbod qamoq yoki o‘lim bilan jazolanishi mumkin.

Koronavirus o‘chog‘i hisoblangan Uxan shahri ma’muriyati 14-fevral kuni karantin tartibini yana-da kuchaytirdi. Yangi qoidalarga muvofiq, shahar aholisi uning bir kichik tumanidan ikkinchi kichik tumaniga jiddiy asoslar bo‘lgan taqdirdagina o‘tishi mumkin bo‘ladi. Ushbu cheklov shifokorlar ko‘rsatmasiga asosan shaharning boshqa qismiga borishi lozim bo‘lgan shaxslara taalluqli emas.

Xitoy Milliy sog‘liqni saqlash komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda koronavirusni yuqtirib olganlar soni 68,5 ming kishidan oshib ketgan, ulardan 1665 nafari vafot etgan.