Xitoy rahbari Si Szinpin Uxan shahrida tarqalgan zotiljam kasalligi bo‘yicha profilaktika choralarini ko‘rish bo‘yicha ko‘rsatmani yanvar oyi boshidayoq bergan. Bu haqda Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasining jurnali — “Syushi”da e’lon qilingan maqolada so‘z boradi.

Foto: “RBK”

Si Szinpinning so‘zlariga ko‘ra, u partiya Siyosiy byurosi doimiy qo‘mitasining 7-yanvardagi majlisida profilaktika choralarini ko‘rishga doir farmoyish bergan. 20-yanvar kuni esa u joylardagi rasmiylarga kasallik yoyilishi munosabati bilan “aholi xavfsizligi va salomatligiga birinchi galda e’tibor qaratish” va infeksiya tarqalishining oldini olish bo‘yicha choralar ko‘rish haqida topshiriq bergan.

Oradan ikki kun o‘tib, 22-yanvarda Xitoy rahbari kasallik o‘chog‘i hisoblangan Xubey provinsiyasiga odamlarning hududdan chiqishini “to‘liq va qat’iy nazorat qilish” to‘g‘risida farmoyish yo‘llaganini ma’lum qildi. Ertasi kuni provinsiya ma’muriy markazi hisoblangan Uxan karantin munosabati bilan yopildi.

Zotiljam epidemiyasi COVID-19 nomini olgan yangi turdagi koronavirus sabab yuzaga kelgan bo‘lishi mumkinligi haqida xitoylik olimlar 9-yanvardayoq bayonot bergan edi. Ushbu infeksiyadan vafot etish bilan bog‘liq dastlabki holat 11-yanvar kuni qayd etilgan edi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoyda koronavirusni yuqtirib olganlar soni 68,5 mingdan oshib ketgan, shundan 1665 kishi vafot etgan. Xitoydan tashqarida esa 526 ta kasallanish holati aniqlangan, Osiyodan tashqaridagi ilk o‘lim holati esa 15-fevral kuni Fransiyada qayd etildi.

Xitoy rasmiylarining taxminlaridan biriga ko‘ra, virus Uxandagi dengiz mahsulotlari, qushlar, ilonlar va boshqa jonivorlar sotiladigan bozordan tarqalgan bo‘lishi mumkin. Keyinroq olimlar virus odamdan odamga yuqishi mumkinligini aniqlagan edi.

Epidemiya munosabati bilan Xubey provinsiyasi partiya qo‘mitasi kotibi Szyan Chaolyan iste’foga chiqarildi. Bundan tashqari, xuddi shu sabab bilan Uxan shahar partiya qo‘mitasi kotibi Ma Gosyan hamda Xitoy hukumatining Gonkong va Makao ishlari bo‘yicha idorasi rahbari Chjan Syaomin ham ishdan bo‘shatildi.