O‘zbekiston bosh prokurori va ichki ishlar vaziri hokimlarga korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus topshiriq berdi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida 85 nafar hokim uchun tashkil etilgan mashg‘ulotlarda ma’lum qilindi, deya xabar beradi “Daryo” muxbiri.
Ma’lum bo‘lishicha, joriy yilning 27 yanvar—6 fevral kunlari O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida Qashqadaryo, Surxondaryo, Farg‘ona, Andijon, Navoiy va Buxoro viloyatlari hokim o‘rinbosarlari va tuman hokimlaridan iborat 85 nafar tinglovchi uchun malaka oshirish darslari tashkil etilgan.
Viloyat hokimi o‘rinbosarlari va tuman hokimlaridan iborat 85 nafar mansabdor ishtirok etgan mashg‘ulotda bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev hamda ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov hokimlarga korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus topshiriq bergan.
— O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida hokimlarga mashg‘ulot o‘tgan bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev, IIV vaziri Po‘lat Bobojonov va Oliy Sud raisi Kozimjon Komilov korrupsiya muammosiga qarshi murosasiz kurashish lozimligini ta’kidlab, har bir hokim o‘z hududidagi korrupsion holatlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri javobgar bo‘lishini ta’kidladi. Illatga qarshi birgalikda kurashish lozimligini aytdi, — deydi Dehqonobod tumani hokimi Zoir Aliqulov. — Ana shu maxsus topshiriqdan kelib chiqqan holda bugun Dehqonobodda barcha rahbarlar ishtirokida seminar tashkil etdik va korrupsiya domiga tushgan mansabdorlar haqidagi videorlikni namoyish qildik. Maqsadimiz tuman rahbarlarini ogohlantirish va bu illatga qarshi murosasiz kurashdan iborat ekanligini tushuntirdik.
Ta’kidlanishicha, tuman hokimi rahbarligida o‘tgan yig‘ilishda Zoir Aliqulov tumandagi barcha tashkilot rahbarlarini korrupsiya domiga botmaslikka chaqirib, tumanda mazkur illatga qarshi kurashish uchun maxsus ishonch telefonlari tashkil etilganligini, bu kabi holatlar hokim nazoratida bo‘lishini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev rahbarligida o‘tgan yig‘ilishda so‘nggi ikki yilda yer sotish, talon-toroj qilish bilan bog‘liq holatlar yuzasidan 473 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 543 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgani, bu jinoyatlarning 71 tasi poraxo‘rlik ekanligi ta’kidlab o‘tilgandi.
Izoh (0)