Sobiq “Abu-Saxiy” bozori savdo qiluvchi tadbirkorlarning noroziligi aks etgan video bo‘yicha Tashkent trade center xususiy korxonasi munosabat bildirdi.
Ma’lum bo‘lishicha, 1-blok hududida joylashgan savdo do‘konlarining yong‘inga qarshi holatini o‘rgangan Toshkent shahar Yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasi yong‘in sodir bo‘lishiga sabab bo‘luvchi bir qancha kamchiliklarni aniqlab, 1-blokda rekonstruksiya ishlarini amalga oshirish zarurati to‘g‘risida korxonaga xulosa taqdim etgan. Ma’muriyat 1-blokdagi “konteyner do‘konlar”ning ish faoliyatini vaktincha to‘xtatib, ularni qayta rekonstruksiya qilish masalalarini ko‘rib chiqayotgani va tegishli takliflar o‘rganilayotganligi haqida mulkdorlarni ogohlantirgan.
Mavzuga doir: Sobiq “Abu-Saxiy” bozorida rekonstruksiya qilinishi rejalashtirilgan qismidagi tadbirkorlar ma’muriyat bilan tortishdi
Biroq, “Mato bozori”ning mulkdorlari hamda ijarachilari bu taklifga ko‘nmagan va bozor ma’muriyatiga do‘konlarni bosqichma-bosqich qurishni, avval 10 ta do‘konni qurib, keyin qolganlariga o‘tishni taklif qilgan.
“Lekin bozor ma’muriyati shuni rasman ma’lum qiladiki, yangi savdo majmuasini qisman yoki bo‘lib-bo‘lib qurib bo‘lmaydi. Sababi, bir qurilish binosi yagona tizim va aniq rejaga tayangan smeta asosida amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, 1-blok savdogarlari tomonidan yangi barpo etilgan savdo majmuasining 1-qavatidan vaqtincha do‘konlar ajratib berilishi taklifi ham ilgari surildi. Bunga javoban ma’lum qilamizki, korxonamiz tomonidan 1-qavatdagi do‘konlarni 1-blok hududidagi savdo do‘konlari hisobidan kelib chiqqan holda taqsimlash imkoniyatiga ega emas. Shu bilan birga, 1-blok hududini qayta qurib bitkazish ishlari rejalashtirilishi jarayonida yangi barpo etilgan savdo majmuasining pastki qavatidan aynan 1-blok mulkdorlari foydalanib turishlari uchun 18—20 metr kvadrat hajmdagi do‘konlar qurildi. 1-blok hududini vaqtincha ko‘chirish ishlarida sig‘im yuzasidan muammo kelib chiqmasligi uchun mazkur do‘konlarni korxona tomonidan sotish yoki ijaraga berish ishlari umuman amalga oshirilmadi”, — deyiladi bozor ma’muriyati xabarida.
Izoh (0)