Ukraina samolyotiga raketalar uchirilgan paytda Tehron uzra Qatar aviakompaniyasiga tegishli havo kemasi ham uchib o‘tayotgan bo‘lgan, biroq eronlik dispetcherlar uning harakatini Havo hujumidan mudofaa kuchlari bilan kelishib olishga muvaffaq bo‘lgan. Bu haqda Eron parlamenti deputati Abu al-Fadil Musaviga tayanib, “Kommersant” xabar berdi.

Foto: Ona.az

Musavining aytishicha, Qatar samolyoti uchuvchilarining havodagi yorug‘likka ko‘zi tushgan va bu Havo hujumidan mudofaa kuchlarining ishi ekanligini taxmin qilib, dispetcherlar bilan bog‘langan.

Shuningdek, deputatning aytishicha, rekatalarning fuqarolik samolyotiga qarata xato uchirilishiga yangi HHM kuchlarida koordinatsiyalarning yetishmasligi sabab sodir bo‘lgan — u fojia kuni kechasi Imom Hamoniy xalqaro aeroporti oldiga o‘rnatilgan. “Samolyot havoga ko‘tarilguniga qadar HHM hisoblari bir yoki ikki marta ogohlantirilgan”, — deydi deputat.

Ukrainaning Boeing 737 samolyoti 8-yanvar kuni Tehron yaqinida qulashi oqibatida 176 kishi — 82 nafar eronlik, 63 nafar kanadalik, 11 nafar ukrain, 10 nafar shved, 4 nafar afg‘on, 3 nafar nemis va 3 nafar britaniyalik halok bo‘lgan edi.