Futbol bo‘yicha Ispaniya chempionatining 19-turi doirasida 4-yanvar, shanba kuni 2 ta o‘yin yakunlandi.
Diyego Simeone qo‘l ostidagi Madridning “Atletiko” klubi “Vanda Metropolitano” stadionida “Levante”ni qabul qildi.
Bellashuvning 13-daqiqasida “matraschilar” yarim himoyachisi Anxel Korrea hisobni ochgan bo‘lsa, oradan 3 daqiqa o‘tib mehmon jamoa hujumchisi Roxer Marti hisobni tenglashtirdi (1:1). 18-daqiqada esa braziliyalik Felipe madridliklarning g‘alaba goliga mualliflik qildi va jamoa muhim 3 ochkoni qo‘lga kiritdi.
Ushbu g‘alabadan so‘ng “Atletiko” ochkolari sonini 35 taga yetkazib oldi va musobaqa jadvalida kuchli uchtalikka kirdi. “Levante” esa 26 ochko bilan 9-pog‘onada bormoqda.
Shu kuni Ernesto Valverde boshqaruvidagi Kataloniyaning “Barselona” jamoasi “Espanyol” maydoniga safar qildi.
Uchrashuv davomida mezbon jamoa vakillari David Lopes (23) va U Ley (88) Kataloniya klubi darvozasiga gol urgan bo‘lsa, “ko‘k-anorranglilar”ning gollariga Luis Suares (50) hamda Arturo Vidal (59) mualliflik qildi.
Ta’kidlash joiz, o‘yinning 75-daqiqasida “Barselona” yarim himoyachisi Frenki de Yong hakam tomonidan ikkinchi sariq kartochka bilan jazolanib, maydondan chetlatildi.
Shu tariqa bahs 2:2 hisovidagi durang natija bilan yakunlandi va tomonlar bir ochkodan bo‘lishib oldi.
Ma’lumot uchun, “Barselona” 40 ochko jamg‘argan holda musobaqa jadvalida yetakchilik qilmoqda. So‘nggi o‘rindagi “Espanyol” hisobida esa 11 ochko mavjud.
La Liga
19-tur bahslari
4-yanvar, shanba
“Atletiko”—“Levante” 2:1
Gollar: 1:0 — 13 Korrea, 1:1 — 16 Roxer Marti, 2:1 — 18 Felipe“Espanyol”—“Barselona” 2:2
Gollar: 1:0 — 23 David Lopes, 1:1 — 50 Suares, 1:2 — 59 Vidal, 2:2 — 88 U LeyYanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)