Indoneziya poytaxti Jakarta va unga tutash hududlarga yopirilgan katta suv toshqinlari to‘qqiz kishining o‘limiga sabab bo‘ldi, deya xabar bermoqda “RIA Novosti”.
Tabiiy ofatlarga qarshi kurash bo‘yicha milliy agentlikdan ma’lum qilishlaricha, Yangi yil arafasidan beri kamida 90 ta hududda kuchli yog‘ingarchilik kuzatilmoqda, ko‘plab daryolar o‘zanidan chiqib ketgan.
PLN davlat elektr ta’minoti kompaniyasi turli hodisalarning oldini olish maqsadida poytaxt zonasidagi tabiiy ofatdan zarar ko‘rgan 724 ta hududni elektrdan uzib qo‘ygan.
Agence France-Presse’ning qo‘shimcha qilishicha, mahalliy ma’muriyat taxminan 13 ming kishini evakuatsiya qilgan, biroq bunda Jakartaning yo‘ldosh-shaharlaridagi aholi nazarda tutilgan.
Umuman, Jakarta aglomeratsiyasida 30 millionga yaqin aholi istiqomat qiladi.
Tabiiy ofat jamoat transporti faoliyatini izdan chiqaran, bir qator temir yo‘llar yopilgan. Tijoriy va harbiy samolyotlarga xizmat ko‘rsatuvchi Halima Perdanakusuma nomidagi aeroportda reyslar bekor qilingan. Bir qator reyslar poytaxtning asosiy havo bandargohi — Sukarno Xatta xalqaro aeroportiga yo‘naltirilgan.