Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev tomonidan Samarqand viloyatida sayyor qabul o‘tkazilib, unda jami 44 nafar jismoniy va yuridik shaxsning vakillari qabul qilinib, ularning murojaatlari tinglandi. Bu haqda “Daryo”ga Bosh prokuratura matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilgan murojaatlarning 11 tasi sud masalalari, 8 tasi prokuratura, 6 tasi ichki ishlar ish yurituvi hamda 19 tasi ijtimoiy-iqtisodiy masalalarga oid murojaatlarni tashkil etdi.
Murojaatlarning 12 tasi joyida qanoatlantirildi.
Shuningdek, bosh prokuror Samarqand shahridagi ijtimoiy-iqtisodiy sohada amalga oshirilayotgan ishlar ahvoli, aholining turmush tarzi bilan tanishib chiqdi.
Shaharning “Nurafshon” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi kam ta’minlangan oila sifatida ro‘yxatga olingan fuqaro R.Mamayev va Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi D.Borunkin xonadonlariga borilib, ularning turmush tarzi va oilaviy ahvolidan xabar olindi.
Shuningdek, Nig‘matilla Yo‘ldoshev Samarqand shahar 61-sonli eshitishda nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internati o‘quvchilari bilan uchrashib, ularning sharoitlari bilan tanishdi.
Bosh prokurorning safari doirasida Pastdarg‘om tumanidagi “Mirzatup” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 1,05 kilometr masofadagi tuproq yo‘lga shag‘al yotqizilishi, ko‘cha bo‘ylab 12 ta elektr simyog‘ochlari o‘rnatilib, kabellashtirilishi ta’minlandi.
Fuqarolar tomonidan qabulda topshirilgan murojaatlar nazoratga olinib, qonuniy hal etilishi ta’minlanadi.
Izoh (0)