Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik tumanida Janubiy Koreya uslubida qurilgan bolalar bog‘chasining ikkinchisi ish boshladi. Bu haqda “Daryo”ga tuman hokimligi axborot xizmati ma’lum qilmoqda.
Tumanning “Mullazoir” qishlog‘ida ish boshlagan 160 o‘rinli bog‘cha 6 milliard 810 million so‘m mablag‘ evaziga qurilgan bo‘lib, bog‘cha xonalari milliy, madaniy, tarixiy qadriyatlarni aks ettiruvchi va bolalikdan kitob o‘qishga qiziqishni uyg‘otuvchi o‘quv-metodik, didaktik o‘yinlar va o‘yinchoqlar, badiiy adabiyotlar bilan jihozlangan.
— Bog‘chaning tashqi tomonida esa bolalar uchun o‘yin va sport maydonchalari, yozgi ayvonchalar zamon talabi darajasida qurib bitkazildi, — deydi tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi mudiri Gulchehra Hamidova. — Ushbu maskan zarur mebel va o‘yinchoqlar to‘plami, ko‘rgazmali vositalar bilan to‘liq ta’minlangan.
Ma’lum qilinishicha, bog‘chada rus va ingliz tilida ta’lim-tarbiya beriladi.
Qayd etilishicha, mazkur qishloqda ilgari bolalar bog‘chasi bo‘lmagan. Viloyatda Janubiy Koreya uslubida qurilgan bog‘chalar soni hozirda 2 tani tashkil etadi.
Ayni paytda tumandagi mavjud bog‘cha yoshidagi 18 318 nafar bolaning 8 468 nafari maktabgacha ta’limga qamrab olingan. Hozirgi kunda tumanda 90 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyat yuritadi.
Izoh (0)