Qashqadaryoda 2019-yilning 11 oyi mobaynida piyodalar ishtirokida 246 ta YTH sodir etilib, 192 nafar shaxs turli darajada jarohatlangan. Piyodalar aybi bilan sodir etilayotgan ana shunday YTHlar sonini kamaytirish maqsadida viloyatda “Diqqat, piyoda” tadbiri boshlandi, deb xabar bermoqda “Daryo” muxbiri.
Ma’lum bo‘lishicha, “Diqqat, piyoda” tadbiri IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi buyrug‘iga ko‘ra tashkil etilgan bo‘lib, 10—20-dekabr kunlari bo‘lib o‘tadi.
“Joriy yilning 11 oyi davomida 192 nafar piyoda yo‘lni noto‘g‘ri kesib o‘tayotgani bois YTH ishtirokchisiga aylanib qolgan va turli darajada tan jarahotlari olgan, biz shu kabi YTHlarning oldini olishni maqsad qilgan holda reyd tadbirlarini o‘tkazyapmiz. Reyd tadbirlarimiz 10-dekabr kuni Qarshi shahridan boshlanib, 20-dekabrga qadar barcha tumanlarda o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan”, — deydi viloyat YHXB matbuot xizmati rahbari Javlon Baxtiyev.
Viloyat YHXB inspektorlari reyd davomida yo‘lning asosiy qatnov qismidan kesib o‘tayotgan piyodalarni to‘xtatib, qoidabuzarligini tushuntirgan holda ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirmoqda.
“Qarshi shahar hokimligi oldidagi katta yo‘ldan o‘tayotgan piyodalarga yo‘lning qatnov qismi o‘ta xavfli ekanligini tushuntirib, sal narida turgan tunneldan harakatlanishlari lozimligini tushuntirdik”, — deydi Javlon Baxtiyev.
“Diqqat, piyoda” tadbiri 20-dekabrga qadar viloyatning barcha tumanlarida bo‘lib o‘tadi.
Avvalroq Toshkentda yo‘lni belgilanmagan joydan kesib o‘tayotgan piyodalarga nisbatan bayonnoma rasmiylashtirilayotgani xabar berilgan edi.