Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga va mahalliy kengashlarga saylov kunida o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchilar 12-dekabr kuni soat 09:00dan 18-dekabr soat 18:00ga qadar muddatidan oldin ovoz berishi mumkin bo‘ladi.
Bu haqda 10-dekabr kuni Xalqaro matbuot markazida bo‘lib o‘tgan brifingda Markaziy saylov komissiyasi (MSK) raisi o‘rinbosari Mahmud Istamov ma’lum qildi.
Saylov kodeksining 57-moddasiga ko‘ra muddatidan oldin ovoz berish saylovga 10 kun qolganida boshlanadi va saylovga 3 kun qolganida tugallanadi. Ya’ni 12-dekabr kuni soat 09:00 dan boshlanib, 18-dekabr soat 18:00 ga qadar o‘tkaziladi.
Brifingda ta’kidlanishicha, saylovchi muddatidan oldin ovoz berish uchun saylov kuni yashash joyida bo‘la olmasligining sabablari (ta’til, xizmat safari, xorijga chiqish va hokazo) ko‘rsatilgan ariza bilan uchastka saylov komissiyasiga murojaat qilishi talab etiladi. Saylovchidan saylov kunida bo‘la olmasligining sabablarini tasdiqlovchi qo‘shimcha hujjatlarni talab qilish taqiqlanadi.
Mahmud Istamovning aytishicha, muddatdan oldin ovoz berish uchun 936 mingdan ortiq saylov byulletenlari tayyorlandi, bu saylovchilar umumiy sonining 5 foizini tashkil etadi.
Mavzuga doir: O‘zbekistonda 22-dekabrdagi saylovda ishtirok etadigan saylovchilar soniga aniqlik kiritildi
Avvalroq saylov kuni ovoz berish jarayoni va saylov yakunlarini chiqarish bosqichlari to‘g‘ridan to‘g‘ri namoyish etiladigan saylov uchastkalari ro‘yxati tasdiqlangani, saylovchilar vaqtincha yashash joyida ham ovoz berishda ishtirok etishi mumkinligi ma’lum qilingandi.