Adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti qo‘mitasidan ikki nafar tashqi mutaxassis tark etmoqchi, deb yozmoqda Meduza. Bular yozuvchilar Kristoffer Leander va Gun-Britt Sundstremdir. Ularning ketayotganini Adabiyot bo‘yicha Nobel mukofotini beruvchi Shved fanlar akademiyasi ham tasdiqlagan.

Foto: AFP

Leander o‘zining ketayotganini “boshlangan o‘zgarishlar natijasini kutishga sabri ham, vaqti ham yo‘qligi” bilan izohlagan. “Akademiya va mening vaqt haqida qarashlarimiz turlicha. Akademiya uchun juda qisqa bo‘lgan 1 yil vaqt men uchun juda ko‘pdir”, — degan u.

Sundstrem o‘zining ketishini bir necha sabablar bilan izohlagan. Ulardan biri Nobel mukofoti avstriyalik yozuvchi va dramaturg Peter Xandkega nasib etganidir. Uning so‘zlariga ko‘ra, Shved akademiyasida va undan tashqarida bu qaror “adabiyotga siyosatdan ustun turuvchi narsa sifatida qarash” deb tushunilmoqda. “Bu mening mafkuram emas”, — deya ta’kidlagan yozuvchi.

2018-yilda Shved akademiyasi a’zolaridan birining turmush o‘rtog‘i begonalarga Adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti nomzodari ismlarini oldindan oshkor qilib kelgani aniqlangan. Shu sababli Adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti qo‘mitasining tarkibi yangilangan, mukofot topshirish esa 1 yilga kechiktirilgan edi.

2019-yilda birvarakayiga ikkita Nobelchi nomi e’lon qilingan. Ular polshalik Olga Tokarchuk hamda avstriyalik Peter Xandke bo‘lgan. Xandkeni mukofotlash to‘g‘risidagi qaror yozuvchining siyosiy qarashlari, xususan, Serbiya va uning sobiq prezidenti Slobodan Milosevichning Yugoslaviya urushlarida tutgan pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlagani sababli tanqid qilingan.