Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva Qarshi shahridagi “Jurnalistlar uyi”ning achinarli ahvolga tushib qolgani haqida xabar berib, bino tez orada ta’mirlanishiga umid bildirgandi.
Shundan so‘ng, Qashqadaryo viloyat hokimligi axborot xizmati ushbu ma’lumot viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Zoir Mirzayevga yetkazilgani xususida xabar berdi.
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining viloyat boshqarmasi boshlig‘i Usmon Nusurovning “Daryo”ga ma’lum qilishicha, bugun 23 noyabr Jurnalistlar uyida ommaviy hashar tashkil etilgan va qurilish ishlari yana jonlangan.
“Binoning issiqlik va elektr tizimidagi muammolarini bartaraf etish ishlari boshlandi. Quvurlar ta’mirlanayapti. Batareylar keltirildi. Shuningdek binoning orqa tomonidagi deraza romlari ham almashtiriladi”, – deydi Usmon Nusurov.
Usmon Nusurovning aniqlik kiritishicha, Saida Mirziyoyeva tanqididan so‘ng viloyat hokimi Zoir Mirzayev viloyat tashkilotlari rahbarlariga muammoga e’tibor qaratib, ta’mirlash ishlarini yakuniga yetkazish topshirig‘ini bergan.
Qayd etilishicha, bino ta’mirini yakuniga yetkazish elektr toki va issiqlik tizimidagi muammolarni bartaraf etish uchun 400 million so‘m ajratilgan.
Eslatib o‘tamiz, viloyatdagi Jurnalistlar uyi ta’miri 2018-yil avgust oyidan boshlangan bo‘lib, hozirgacha 1 milliard 300 million so‘m sarflangandi. Biroq, ta’mirlash ishlarini yakunlash uchun yana qo‘shimcha mablag‘ zarurligi bois, ta’mirlash ishlari yakuniga yetmay qolib ketgan.
Izoh (0)