Rossiya Qurolli Kuchlari Bosh shtabi harbiy akademiyasida O‘zbekiston Qurolli Kuchlariga bag‘ishlangan maxsus burchakning ochilishiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti “Daryo”ga ma’lum qildi.
Tadbirda Rossiya Qurolli Kuchlari Bosh shtabi harbiy akademiyasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari general-leytenant Oleg Makareyevich ishtirok etib, yig‘ilganlarni O‘zbekiston Davlat bayrog‘i qabul qilingan sana bilan tabrikladi. Akademiyada O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tarixi va buguniga bag‘ishlab ochilgan burchakni alohida e’tirof etib, bu ikki mamlakat harbiylari bir birining tarixini o‘rganish yo‘lida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Ayni vaqtda O‘zbekistondan borib tahsil olayotgan harbiy xizmatchilar tadbirda ishtirok etgan mehmonlarga O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining tinchlikparvarlik yo‘lida olib borayotgan islohotlari va harbiy xizmatchilarga yaratilgan sharoitlar hamda milliy armiyaning tarixi va ajdodlar merosi asosida shakllantirilganini gapirib berdi.
“Tadbirda ishtirok etgan boshqa generallar va xorijlik tinglovchilar burchak bilan tanishar ekan, O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining shakllanish tarixi, jangovar qudrati va mamlakatning bugungi qiyofasi aks etgan suvenirlar, ma’lumotlar, plakatlar va fotosuratlar ularda katta taassurot qoldirganini qayd etib o‘tdi”, — deyiladi xabarda.
Izoh (0)