Toshkent xalqaro aeroportida bojxona xizmati xodimlari fuqaro A.Sh.ga tegishli dori vositalarini noqonuniy ravishda olib qo‘yganligi to‘g‘risidagi videolavha yuzasidan Bojxona qo‘mitasi munosabat bildirdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan videolavhada 22-oktabr, seshanba kuni Toshkent xalqaro aeroportida “Dehli—Toshkent” yo‘nalishi bo‘yicha uchib kelgan fuqaro A.Sh. bojxona nazoratidan tezroq o‘tish maqsadida “yashil” yo‘lak orqali harakatlangani aks etgan.
“Ammo, yo‘lovchining qo‘l yuklari va yo‘l sumkalari nazorat tartibida zamonaviy skaner qurilmalari yordamida bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganida, bojxona xodimining og‘zaki so‘rovida ma’lum qilinmagan va yo‘lovchi tomonidan taqdim qilingan shifokor retseptida ko‘rsatilmagan 11 turdagi dori vositalari borligi aniqlangan. Xususan,
- Psoriazga qarshi “Metoksalen” dori vositasi — 59 dona;
- Og‘riq qoldiruvchi “Diklofenak” dori vositasi — 39 quti;
- Infeksiyaga qarshi “Klindamitsin fosfat” antibiotigi — 44 quti;
- Pigmentlarga qarshi “Pigmento” surtmasi — 31 quti;
- Bo‘y o‘stiruvchi Height grow dorilari — 48 ta konvalyuta;
- Gepatitga qarshi kuchli “Entavir” dori vositasi — 37 quti;
Ma’lum qilinishicha, dorilarning ichki bozordagi narxlari o‘rganilganda ularning umumiy o‘rtacha narxi bir necha o‘n million so‘mni tashkil etgan.
Mazkur holat yuzasidan fuqaro A.Sh. tomonidan berilgan tushuntirishda mazkur dori vositalarini u “Dehli” xalqaro aeroportidagi notanish ayolning iltimosiga ko‘ra, O‘zbekistonga olib kelayotganligini ma’lum qilgan.
“Videomurojaatda esa, fuqaro “jigar sirrozi” bilan og‘riganligi sababli ushbu dori vositalarini olib o‘tganligini ma’lum qilgan. Vaholanki, yuqorida sanab o‘tilgan dori vositalarining aksariyati ushbu kasallikni davolashga mo‘ljallanmagan.
Bojxona ko‘rigidan so‘ng fuqaro A.Sh.ga shifokor retseptida ko‘rsatilgan barcha dori vositalari hech bir moneliksiz qaytarilgan.
O‘z navbatida, Davlat bojxona qo‘mitasi fuqarolardan bojxona qonunchiligi talablariga to‘liq rioya qilishlarini so‘rab qoladi va ularning qonuniy huquq-manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha yaqindan hamkorlikka tayyor ekanligini ma’lum qiladi”, — deyiladi Bojxona qo‘mitasi xabarida.
Izoh (0)