Janubiy Koreya Milliy mudofaa vazirining O‘zbekiston Mudofaa vaziriga yo‘llagan rasmiy taklifiga binoan mudofaa vazirining qurol-aslaha va qurollantirish bo‘yicha o‘rinbosari polkovnik Oybek Ismoilov boshchiligidagi harbiy delegatsiya joriy yilning 13—18-oktabr kunlari Seul shahrida bo‘lib o‘tayotgan Seoul ADEX-2019 Xalqaro aviakosmik va mudofaa texnologiyalari ko‘rgazmasida ishtirok etmoqda. Bu haqda Mudofaa vazirligi axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti “Daryo”ga ma’lum qildi.
Seoul ADEX-2019 Xalqaro aviakosmik va mudofaa texnologiyalari ko‘rgazmasi – bu muhim jismoniy va harbiy shaxslar hamda boshqa mutaxassislarning sohada erishilgan so‘nggi yutuqlari namoyishi va yangi texnologiyalar almashinuvi, ishtirokchilarning muhim uchrashuv va amaliy muzokaralar joyligi bilan ahamiyatli.
Seoul ADEX-2019 Xalqaro ko‘rgazmasi davomida O‘zbekiston delegatsiyasi Janubiy Koreya tomonidan Seul shahri yaqinidagi KINTEX — Seoul ADEX markaz va “Chxondju” aerodromida taqdim etilgan Harbiy havo kuchlari qurollari, Havo hujumidan mudofaa qurilmalari, uchuvchisiz uchish apparatlari, erdagi qurol-aslaha, harbiy texnika va eksponatlar hamda boshqa Koreya Respublika korxonalarining xizmat turlari bilan tanishdi.
“Xalqaro aviakosmik va mudofaa texnologiyalari ko‘rgazmasi davomida polkovnik Oybek Ismoilov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi uchun mudofaa sanoati assotsiatsiyasi raisi va bir qator Koreya va boshqa xorijiy kompaniyalar rahbarlari va vakillari, shu jumladan Janubiy Koreya mudofaa vazirining o‘rinbosari Su Cho Suk bilan uchrashuvlar tashkil etilib, harbiy va harbiy texnik hamkorlik, Mudofaa vazirligi qo‘shinlariga zamonaviy texnologiyalarni jalb etish, harbiy kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash, malakasini oshirish hamda tajriba almashinuvi, turli xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha muzokaralar olib borildi”, — deyiladi xabarda.
Izoh (0)