2019-yilning to‘qqiz oyi mobaynida fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 138 962 ta ish ko‘rib chiqilgan va mazkur ko‘rsatkich 2018-yilning shu davriga nisbatan 19,1 foizga kamaygan. Bu haqda “Daryo”ga Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, hisobot davrida 69 milliard so‘mdan ziyod majburiy to‘lovlarni undirish haqida 60 282 ta sud buyrug‘i chiqarilgan va ushbu ko‘rsatkichlarni o‘tgan yil bilan solishtirilganda summa bo‘yicha 68,1 foizga, sud buyruqlari soni bo‘yicha esa 71,3 foizga kamaygan.
Shuningdek, ko‘rib chiqilgan fuqarolik ishlari bo‘yicha 120 081 ta hal qiluv qarorlari chiqarilib, ular bo‘yicha talablarning 86,4 foizdan ortig‘i qanoatlantirilgan.
“Hal qiluv qarori qabul qilingan da’vo tartibidagi 98 080 ta fuqarolik ishlaridan 27 701 tasi nikohdan ajratish, 24 233 tasi bitimlar bilan bog‘liq, 1 165 tasi ishga tiklash, 1 045 tasi turar joydan ko‘chirishga oid va boshqa ishlar tashkil qiladi”, — deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, nikohdan ajratishga oid qabul qilingan 27 701 ta ishning 16 739 tasi bo‘yicha qonuniy nikohlar bekor qilingan, 10 962 ta qonuniy nikoh bekor qilinmagan, 3 945 ta da’vo bo‘yicha ishni yuritish tugatilgan yoki ko‘rmasdan qoldirilgan.
Ta’kidlanishicha, 52 696 ta fuqarolik ishi sayyor sud majlislarida ko‘rib chiqilib, aholi bilan 5 375 ta uchrashuv o‘tkazilgan.
Qo‘shimcha qilinishicha, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan nazorat tartibida 791 ta ish ko‘rib chiqilib, birinchi instansiya sudlari tomonidan chiqarilgan 255 ta qaror bekor qilingan va 95 ta sud qarorlari o‘zgartirilgan.
Avvalroq, jinoiyat ishlari sudlarining faoliyati haqida ma’lumot berilgandi.
Izoh (0)