O‘zbekiston Oliy Majlis Senati XXIII yalpi majlisida 19 ta qonun ko‘rib chiqiladi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Musulmonbek Ibrohimov xabar bermoqda.

Majlis kun tartibiga 31 ta masala kiritilgan. Shundan 19 tasi qonun bo‘lib, jumladan, “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi va “Valyutani tartibga solish to‘g‘risida”gi qonunlarning yangi tahriri ko‘rib chiqiladi.

Shuningdek, to‘lovlar va to‘lov tizimlari, ilm-fan va ilmiy faoliyat, ona suti bilan oziqlantirishni qo‘llab-quvvatlash hamda go‘daklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlariga doir talablar haqidagi qonunlarga majlis kun tartibiga olib chiqilgan.

“Madaniy ifodalarning turli xil shakllarini muhofaza qilish va qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi xalqaro konvensiya (Parij, 2005-yil 20-oktabr) ratifikatsiya qilinishi mumkin.

Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovlari yuborilishi ham kun tartibidan o‘rin olgan.