7-oktabr kuni O‘zbekiston Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida O‘zbekiston Respublikasini 2030-yilga qadar ijtimoiy-iqtisodiy kompleks rivojlantirish konsepsiyasi loyihasi joylashtirildi.

Foto: “XS.uz”

Loyiha muhokamasi 22-oktabrga qadar davom etadi.

Hujjat O‘zbekiston Iqtisodiyot va sanoat vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan. Konsepsiya loyihasida Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) haqida ikki marta eslab o‘tilgan.

Hujjatga ko‘ra, konsepsiya amalga oshirilishining birinchi bosqichida (2019—2021-yillar) O‘zbekistonda YeOII a’zolari va boshqa qator davlatlar bilan erkin savdo kelishuvi imzolanishi hisobiga tashqi savdo hajmi kengayishi kutiladi.

Ikkinchi bosqichda (2022—2025-yillar) mamlakat YeOII va JSTga a’zo bo‘lib kirishi, savdo siyosati va eksport liberallashuvi, tarifsiz savdo to‘siqlarini ko‘rib chiqish va shartnomalarni JST normalariga muvofiqlashtirish bo‘yicha izchil tadqiqotlar o‘tkazilishi kutiladi.

Uchinchi bosqichda esa iqtisodiyotning xomashyo eksportidan innovatsion rivojlanish turiga o‘tilishini, eksportga yo‘naltirilgan iqtisodiyotning jadal rivojlanishini ta’minlash ko‘zda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan haftada O‘zbekistonga tashrifini amalga oshirgan Rossiya Federatsiyalar kengashi raisi Valentina Matviyenko O‘zbekiston Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilish masalasini ko‘rib chiqayotgani to‘g‘risida ma’lumot bergandi.

Keyinroq Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev O‘zbekiston Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilish imkoniyatlarini uch yildan beri o‘rganayotganini ma’lum qildi va shu bilan birgalikda O‘zbekiston milliy manfaatlarga raxna soluvchi hech qanday shartnomaga qo‘l qo‘ymasligini ta’kidladi.