Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Germaniyaning ta’lim va tadqiqotlar bo‘yicha federativ vazirligi bilan hamkorlikda 7-oktabr kuni Germaniyaga yuborilgan yosh olimlarni O‘zbekistonning Germaniyadagi elchisi Nabijon Qosimov qabul qildi. Bu haqda “Daryo”ga Innovatson rivojlanish vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Nabijon Qosimov uchrashuv doirasida, O‘zbekiston—Germaniya texnik universiteti tashkil etilishi haqida ma’lum qilgan. Unga ko‘ra, olmon ta’lim tizimi joriy etilishi kutilyotgan universitetda o‘zbek yoshlari va qo‘shni davlat fuqarolari bilim olishi mumkin bo‘ladi.
Tadqiqotchilar malaka oshirishning birinchi kuni Byut amaliy fanlar universiteti hamda Leybnits ilmiy assotsiatsiyasiga tashrif buyurgan.
Byut universitetida ularni ilmiy tadqiqotlar bo‘yicha vitse-prezident professor Koxler kutib olib, universitet bilan tanishtirgan. Yosh olimlar universitetdagi startap-inkubatorlar, ilmiy-tekshirish laboratoriyalari, grantlar tizimi haqida ham ma’lumot olgan.Olimlar guruhi kunning ikkinchi yarmida Leybnits assotsiatsiyasida bo‘lib, professor Veronika Tanner bilan uchrashgan.
Ma’lumot uchun, Leybnits assotsiatsiyasi 95 ta mustaqil ilmiy muassani o‘z ichiga oladi. Assotsiatsiya a’zolari gumanitar va ta’lim, iqtisod, ijtimoiy fanlar, tabiiy fanlar, matematika va muhandislik hamda atrof muhit muhofazasi yo‘nalishlarida ish olib boradi. Mazkur seksiyalarning asosiy vazifasi hamkorlik va tajriba almashish, yosh tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlashdan iborat.
Izoh (0)