Сhristie’s aukisonlar uyi Benksi suratlarining katta onlayn-auksionini o‘tkazdi. “Benksi: Mana shu ahmoqona asarlarni siz ablahlar sotib olishingizga ishonmayman” deb nomlangan savdolarda muallifning 30 ta tasviriy san’at asari sotuvga qo‘yilgan. Ular sotuvidan jami 1,122 million funt sterling daromad ko‘rilgan. Bu haqda Meduza xabar berdi.

“Pufakli qiz” (pufak oltinrang tusda tasvirlangan nusxa)
Foto:EPA

Savdolarda eng qimmat lot “Pufakli qiz” asarining pufak oltinrang tusda tasvirlangan kamyob nusxasi bo‘ldi. Ushbu asar 395 ming funt sterlingdan qimmatroqqa sotildi. Savdolar boshlangunga qadar tashkilotchilar ushbu suratdan 284,5 ming funt daromad qilishni ko‘zlagan ekan.

Yurakcha shaklidagi pufagi uchib ketayotgan qizaloq nafaqat anonim rassomning shedevr asari, balki Buyuk Britaniya ramzlaridan biri hisoblanadi. Qizaloq tasvirlangan graffitilar ilk bor 2002-yilda Londonning bir yo‘la ikki joyida paydo bo‘lgandi. Oltinrang tusdagi pufak tasvirlangan va Сhristie’s’da sotilgan asar Benksi tomonidan 2004-yilda chizilgan.

2018-yil oktabrida “Pufakli qiz” surati (pufak rangi qizil bo‘lgan nusxa) Sotheby’s auksionlar uyi tomonidan sotuvga qo‘yilgan edi. Lot 1,04 million funtga sotilganidan keyin asarni o‘rab turgan romdagi qiymalagich ishga tushib, kartina auksion ishtirokchilari ko‘z o‘ngida o‘zini-o‘zi yo‘q qilishni boshlagandi.

“Pufakli qiz” surati (pufak rangi qizil bo‘lgan nusxa)
Foto: Meduza