Shofirkonda onasidan yetim qolgan qizini muntazam kaltaklab kelgan ota — Dilmurod Shodiyev Oila kodeksining 79-moddasi 3-bandiga asosan otalik huquqidan mahrum qilindi. Bu haqda Xotin-qizlar qo‘mitasining Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.

Xotin-qizlar qo‘mitasining Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar xizmati

Ma’lum bo‘lishicha, Dilmurod Shodiyev qizi Shukrona Shodiyevani muntazam kaltaklagan, o‘gay onasi esa qizaloqqa tan jarohatlari yetkazib kelgan. Qizchaga muntazam ravishda psixologik ta’sir o‘tkazib kelingan.

Shukronani qo‘shnilar bir necha marotaba uyi yaqinida oqib o‘tadigan kanal yoqasidan topgan. Qizchaga ko‘ra, otasi unga o‘zini kanalga tashlashni buyurgan.

Shukronaning o‘gay onasi Oygul Sherdonovaga nisbatan Jinoyat kodeksining 105-moddasi 1 va 2-qismlari, ya’ni qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish jinoiy ishi qo‘zg‘atilgan.

Qizaloq taqdiriga befarq bo‘lmagan “Mahallaqozi” mahalla fuqarolar yig‘ini a’zosi Halima Halimova, Buxoro viloyati xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Feruza Ibrohimova sa’y-harakatlari bilan Shukrona viloyat bolalar shifoxonasiga davolash uchun yotqizilgan.

Shukrona Shodiyeva Buxoro shahridagi 32-sonli Mehribonlik uyiga joylashtirilgan. Viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi mutasaddilari unga maktab uchun kerakli anjomlar, kiyim-kechak va boshqa zarur narsalar taqdim qilgani, ma'lum qilindi.