Ashxabodda sentabr oyi boshidan markaziy ko‘chalarda ayollar boshqaruvidagi avtomobillar harakatlanishiga taqiq joriy etildi.

Foto: Trend

Rasman yangi qoidalar haqida ma’lum qilinmagan, biroq taqiq mavjudligini Ashxabod yo‘l politsiyasi xodimlari tasdiqlamoqda.

Mashina haydayotgan ayollar markaziy magistral — Prezident saroyi va Olimpiya shaharchasi markaziy binosi joylashgan Turkmanboshi shohko‘chasida ommaviy to‘xtatilmoqda. Ularning haydovchilik guvohnomalari va avtomobillari tortib olinib, yo‘l harakati xavfsizligi idorasining markaziy ofisiga olib borilmoqda.

Ayrim holatlarda yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari markaziy magistralda yurish mumkin emasligi haqida og‘zaki ogohlantirish bilan cheklanmoqda, ba’zan esa migalkalar bilan astoydil ta’qib qilib, qo‘shni ko‘chalarda ham ushlamoqda.

Mazkur taqiq 27-sentabrda mamlakatda Mustaqillik kuni nishonlanishi bilan izohlanmoqda. Bayram arafasida Ashxabodning ayrim hududlarida yerto‘la, yarim yerto‘la va binolarning birinchi qavatida joylashgan do‘kon va firmalar ham yopilmoqda.

Rasmiylar avtomobil boshqarayotgan ayollar ta’qib qilinishi holatlari borasida sukut saqlamoqda. Yil boshida ularning haydovchilik guvohnomalari ham ommaviy tarzda olib qo‘yilgandi.