“Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish to‘g‘risida”gi qonun Prezident tomonidan imzolandi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Ushbu Qonunga ko‘ra, atom energiyasidan foydalanish obyektlari davlat mulki yoki Prezident tomonidan belgilanadigan yuridik shaxslar mulki hisoblanadi.

Mazkur obyektlar ro‘yxati Prezident tomonidan tasdiqlanadi.

Energetika vazirligi ushbu sohadagi vakolatli organ hisoblanadi va atom energetikasini rivojlantirish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi.

Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi esa atom energiyasidan foydalanish xavfsizligini davlat tomonidan tartibga soluvchi maxsus vakolatli organ hisoblanadi.

Qonunga muvofiq, fuqarolar yadroviy qurilmalar xavfsizligi to‘g‘risida tegishli davlat organlaridan axborot so‘rash va olish, tanishish, yadroviy qurilmalar punktlariga belgilangan tartibda tashrif buyurish huquqiga ega.

Shuningdek, qonunga ko‘ra, yadroviy qurilma zonalarida ruxsat etilmagan yig‘ilishlar va boshqa ommaviy tadbirlar o‘tkazish taqiqlanadi.

Qonun bilan radioaktiv chiqindilarni O‘zbekiston hududiga olib kirish va olib chiqish masalasi ham tartibga solingan bo‘lib, unga ko‘ra respublika hududiga faqat ilgari olib chiqib ketilgan radioaktiv chiqindilar va qayta ishlash mahsulotlari olib kirilishiga yo‘l qo‘yiladi.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.