Bolalar yoshlikdan balog‘atga qadar ota-onasi, aka-ukasi yoki qarindoshlaridan o‘rnak olishga intilishi sir emas. Futbolda ham shunday: qiziqishlar va maqsadlar avloddan avlodga o‘tish an’anasi yillar mobaynida davom etib kelmoqda. Jumladan, ota futbolchi bo‘lsa, o‘g‘illar vaqti kelib, ularning yo‘lini davom ettirishga harakat qiladi. Kimdir buning uddasidan chiqadi, kimdir esa yo‘q. Ammo millionlar o‘yini oilasida shunday nomlar borki, ularni biz ota-o‘g‘il izdoshlar sifatida emas, balki aka-uka sifatida bilamiz. Quyidagi maqolada dunyo futbolida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan eng mashhur aka-uka futbolchilar haqida so‘z yuritamiz.

Kolo va Yaya Ture

Foto: Google Images

Kot-d’Ivuarning Buaka shahrida tug‘ilgan aka-uka Turelar Yevropa futbolida o‘z izlarini qoldira oldi. Yaya 2001-yilda Belgiyaning “Beveren” klubida professional futboldagi ilk qadamlarini tashlay boshlaydi. Bir yil o‘tib, Kolo qandaydir o‘rtamiyona klubga emas, balki Londonning “Arsenal”i a’zosiga aylandi. Kolo Ture “to‘pchilar” safida bir nechta sovringa ega chiqdi. U klub tarkibida 329 ta o‘yin o‘tkazdi. Sol Kembell bilan esa Premyer Liga tarixidagi eng kuchli himoya tandemlaridan birni hosil qildi. 2009-yil “Manchester Siti” Koloni London klubidan 18,7 million yevroga sotib oldi. U “Siti”da 3 mavsumni o‘tkazib, “Liverpul”ga yo‘l oldi. Koloning futbolchilik faoliyatidagi so‘nggi klub “Seltik” bo‘ldi. Ayni damda Habib Kolo Ture “Lester” murabbiylar shtabida faoliyat olib bormoqda.

Akasidan farqli o‘laroq Yayaning faoliyati bir muncha yorqinroq bo‘ldi. “Beveren”dan so‘ng futbolchi Donetskning “Metallurg” klubida bir mavsum to‘p surdi. Shundan so‘ng Gretsiyaga yo‘l olib, “Olimpiakos” sharafini ham xuddi shuncha vaqt davomida himoya qildi. Bu orada futbolchini “Monako” sotib oldi. Oradan bir yil o‘tib, Yaya 9 million yevro evaziga “Barselona” a’zosiga aylandi. Kataloniya klubida kichik Ture o‘z pozitsiyasida dunyoning eng yaxshi futbolchilaridan biriga aylandi. Yaxshi futbolchilar uchun pul sarflashdan qochmaydigan “Manchester Siti” esa Ture uchun 2010-yilda kattagina summa — 30 million yevro to‘ladi. U “shaharliklar” safida o‘z vaqtining eng ko‘p haq to‘lanadigan futbolchisiga aylandi. Va shunga yarasha klub tarixida munosib iz qoldirishga erishdi. “Siti”dan ketib, futbolchi yana “Olimpiakos” safiga yo‘l oldi. Biroq 36 yoshli futbolchi tez orada faoliyatini yakunlashga shama qildi.

Turelar oilasida yana bir futbolchi bor edi. Bu oiladagi eng o‘rtancha yigit — Ibrohim edi. Ibrohimga yorqin faoliyat nasib etmadi. U 2014-yil Manchester shahrida 28 yoshida oqqon kasalligidan vafot etgan.

Eden va Torgan Azar

Foto: Google Images

Zamonaviy futbolning eng yorqin o‘yinchilaridan biri Eden Azar professional futbolchilar oilasida dunyoga kelgan. Edenning ota-onasi professional futbolchi bo‘lgan. Edenga homilador bo‘lgan futbolchining onasi katta futbol bilan xayrlashadi. Edendan so‘ng Azarlar oilasida yana uch o‘g‘il farzand dunyoga keladi. Ularga Torgan, Kilian va Itan deb ism qo‘yishadi. Azarlar oilasida eng omadi chopgani, shubhasiz, Eden hisoblanadi. Futbolchi “Lill” bilan Fransiya chempioniga aylanib, dunyo futboli jamoatchiligi e’tiborini tortdi. 2012-yil yozida esa Eden 35 million yevro evaziga “Chelsi”ga o‘tdi. Angliyada esa Eden yangi saviyaga chiqdi. Top o‘yinchiga aylandi. Shu bilan bilan Belgiya terma jamoasida ham o‘z o‘rnini topib, yetakchi va sardor bo‘ldi. Eden yaqindagina o‘zining bolalikdagi orzusiga erishdi. U “Chelsi”dan 100 million yevro (bonuslar bilan hisoblaganda 130 millionga yetishi mumkin) evaziga “Real”ga o‘tdi.

Yevropa futbolida o‘z o‘rnini topib borayotgan Azarlardan biri — Torgandir. U ham akasi kabi faoliyatini Fransiyada boshlagan. 2012-yil Torgan “Lans” safidan akasi bilan “Chelsi”ga yo‘l oladi. Ammo Edendan farqli o‘laroq Torganga Angliyada o‘zini ko‘rsatishi imkoniyati taqdim etilmadi. Biroq Torgan ortga chekinmadi va Germaniya Bundesligasida o‘z o‘rnini topdi. 2015-yil yozidan 2018/19-yilgi mavsum so‘nggiga qadar Torgan “Borussiya Myunxengladbax” klubining haqiqiy yetakchisi sifatida futbol jamoatchiligi va skautlari e’tiborini o‘ziga qarata oldi. 2019-yil yozgi transferlar vaqtida esa 25,5 million yevro evaziga Dortmundning “Borussiya” klubi a’zosiga aylandi. Bundan tashqari Belgiya terma jamoasida ham o‘z o‘rnini topib, akasi Eden bilan yonma-yon to‘p tepmoqda.

Akalaridan farqli o‘laroq Kilian hamda Itan hali futbolda o‘z so‘zini ayta olganicha yo‘q. Endi 16 yoshni qarshilagan Kilian “Serkl Bryugge” a’zosi, kichik Azar — Itan esa Belgiyaning quyi ligasi vakili “Tyubiz” safida futbolga ilk qadamlarini qo‘ymoqda.

Kevin-Prins va Jerom Boateng

Foto: Google Images

Kevin-Prins hamda Jerom Boatenglar o‘gay aka-uka bo‘lishga qaramay juda ham yaqinligi bilan muxlislarga yaxshi tanish. Futbolchilarning otasi bir, onasi esa boshqa. Kevin-Prins 1 yoshga Jeromdan katta. Prins Jeromdan farqli o‘laroq futbolga katta qiyinchiliklardan o‘tibgina kirib kelgan. U yolg‘iz onasi qo‘lida tarbiya topgan. Kevin intervyularidan shunchalik ayanchli sharoitlarda yashaganligini tan olib shunday degandi: “Oldimda ikki yo‘l bor edi. Yoki bezori, yoki futbolchi bo‘lish”. Ammo futbolchi jinoyatchiga aylanmadi. U millionlar o‘yinini tanladi. Faoliyati davomida katta Boateng Germaniya, Angliya, Italiya va Ispaniyaning ko‘plab klublarida to‘p surishga muvaffaq bo‘ldi. Boateng hayotidagi eng kutilmagan voqealardan biri 2019-yil yanvarida sodir bo‘ldi. “Barselona” futbolchini Italiya A Seriyasining o‘rtamiyona klubi “Sassuolo”dan ijaraga oldi. Boateng bu holatdan hayratda qolganini yashirib o‘tirmadi. Ammo Kevinga Kataloniyada uzoqroq qolish nasib etmaydigan bo‘ldi. Omadiz mavsumdan so‘ng yana Italiyaga qaytadigan bo‘ldi.

Kichik Boateng — Jerom esa akasiga qaraganda futbolda omadi chopganlardan. U akasidan farqli o‘laroq kamroq klublarni almashtirgan. Faoliyati davomida “Herta”, “Hamburg”, “Manchester Siti”da to‘p surgan. Ayni damda “Bavariya” sharafini himoya qilmoqda. Jerom 7 marta Germaniya chempionligini qo‘lga kiritgan. Shuningdek, 2012/13-yilgi mavsumda Yevropa Chempionlar Ligasida g‘oliblikka erishgan.

Yana qiziqarli jihatlardan biri shuki, ikkala futbolchi ham turli terma jamoalar sharafini himoya qiladi. Jumladan, Jerom Boateng Germaniya terma jamoasi safida 76 ta o‘yin o‘tkazgan. Kevin-Prins esa Gana termasi safida 15 ta bahsda maydonga tushgan. Ganada futbolchilarning otasi tavallud topgan. Ammo qayd etish joiz, ikkovlon ham mamlakat bosh jamoasi borasida tanlov qilishdan oldin, Germaniya o‘smirlar va yoshlar terma jamoasida to‘p surgan.

Pol, Florenten va Matias Pogba

Foto: Google Images

Zamonaviy futboldagi eng mashhur aka-ukalar triosi, so‘zsiz, Pogbalar oilasiga tegishli. Ular ichida eng omadli va iste’dodlisi esa shubhasiz “kichkintoy” — Pol Pogba. Matias hamda Florenten Pogbalar oilasining egiz farzandlari bo‘lib, ikkovlon Poldan 2,5 yil oldin dunyoga kelgan.

Futbol dunyosi ayni damda faqat Pol Pogbani gapiradi, ko‘rsatadi. U “Yuventus” va “Manchester Yunayted”dagi o‘yinlari bilan ko‘pchilikning sevimli o‘yinchisiga aylangan. Neymar transferiga qadar hatto Pol dunyoning eng qimmatbaho futbolchisi bo‘lib turdi. “Manchester Yunayted” Polni “Yuventus”dan qaytarishi uchun 2016-yil 105 million yevroning bahridan o‘tgandi. Polning omadi nafaqat klub borasida, balki terma jamoa borasida ham kulgan. Kichik Pogba Fransiya terma jamoasi bilan birgalikda 2016-yil Yevropa vitse-chempioniga aylangan bo‘lsa, 2018-yilda Rossiya maydonlarida Jahon chempionligini tantana qildi.

Florenten va Matias Pogbalar esa Polning natijalariga yaqin ham kela olganicha yo‘q. Egizaklar Poldan farqli o‘laroq Fransiyada emas, balki Gvineyada tavallud topgan. Shu boisdan ham ular Gvineya milliy termasi safida harakat qiladi. Klub borasida ham ular Polning oldiga tusha olishmadi. Florenten ayni damda AQShning “Atlanta Yunayted” jamoasi a’zosi, Matias bo‘lsa Fransiyaning “Tur” jamoasi to‘p surmoqda. Egizaklar ukasi Pol sabab futbol olamida ancha mashhur. Trio tez-tez omma oldida birgalikda ko‘rinish berib turadi. Aka-ukalar o‘rtasida qarindoshlik aloqalari qanchalik mustahkam bo‘lsa, futbol uni millionlab muxlislarga yanada ko‘rinarli qilishiga hech qanday shubha yo‘qligi ham rost.

FootballHD material asosida Asror Abdunazarov tayyorladi.