AQSh prezidenti Donald Tramp Eron prezidenti Hasan Ruhoniy bilan dastlabki shartlarsiz uchrashishga tayyor. Bu haqda AQSh moliya vaziri Stiven Mnuchin davlat kotibi Maykl Pompeo bilan birgalikda o‘tkazilgan brifingda ma’lum qildi, deb xabar beradi “RBK”.

Foto: BBC

Mnuchinning ta’kidlashicha, AQSh bundan keyin ham Tehronga nisbatan to‘liq bosim o‘tkazish siyosatini yoqlab qoladi. “Endi prezident hech qanday dastlabki shartlarsiz uchrashuvga tayyor ekanligiga sha’ma qildi, biroq biz maksimal bosim kampaniyasini qo‘llab-quvvatlayveramiz”, — deydi moliya vaziri.

AQSh va Eron munosabatlari 2018-yilning mayida, Tramp birgalikdagi keng qamrovli harakatlar rejasidan chiqishini ma’lum qilganidan so‘ng keskinlashgandi. AQShning kelishuvdan chiqishi Eronga qarshi bir qator sanksiyalarning qayta tiklanishiga olib kelgandi.

2019-yilda Tehron bitimning yadroviy reaktorlarda foydalaniladigan boyitilgan uran va og‘ir suv zaxiralarini cheklashga oid alohida shartlarini bajarishdan bosh tortgan edi. 6-sentabr kuni Eron yadroviy dastur bo‘yicha majburiyatini uchinchi bor qisqartirdi.

Sentabr oyi boshida Eron agarda 15 milliard AQSh dollari miqdorida kredit ajratilsa va o‘z neftini Yevropada sotishga ruxsat berilsa, bitim shartlariga rioya qilishga tayyorligini bildirgandi.